Shofirkonda 9 milliardlik ulkan suv loyihasi: 3640 ta xonadonga toza ichimlik suvi yetib boradi
2026-03-07 21:20:00 / Yangiliklar

Ana shunday loyihalardan biri Shofirkon tumani Paxtaobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida amalga oshirilmoqda. Mazkur hududda qaror asosida 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga yirik ichimlik suvi inshooti qurilishi olib borilmoqda.
Loyiha doirasida 18 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i tortilmoqda hamda 1000 kub metr hajmga ega suv zaxira inshooti barpo etilmoqda. Qurilish ishlari “G‘ijduvon Zarangari Qurilish ITQT” MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Mazkur suv inshooti foydalanishga topshirilgach, tumandagi 4 ta mahalla aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Jumladan Paxtaobod , Pashmon, Tezguzar, Bobohaydar mahallalaridagi jami 3640 ta xonadon markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Qurilish jarayonlarini o‘rganish, ishlarning texnik jihatdan sifatli va belgilangan talablar asosida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida mas’ullar tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi. Unda Shofirkon tumani hokimi Mo‘min Amonov, tuman prokurori Hamza Fozilov, tuman IIB boshlig‘i Rustam Yusupov, tuman hokimi o‘rinbosari Ruxiddin G‘afurov, BLAOG guruhi Buxoro va Navoiy koordinatori U. Jo‘rayev, infratuzilma mutaxassislari, KKL xodimlari, YABHIK DUK texnik nazoratchisi hamda pudrat tashkiloti rahbarlari ishtirok etdi.
O‘rganish jarayonida qurilish ishlarining borishi, loyiha talablari, texnik me’yorlarga rioya qilinishi va sifat masalalari atroflicha ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida hudud aholisi uchun muhim muammo bo‘lib kelgan ichimlik suvi ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanib, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.









