“Mingchinor Chevarlari” – ekologiyaga hissa qo‘shayotgan zamonaviy korxona
2026-02-27 23:00:00 / Yangiliklar

Korxona tashkil etilishida jami 2,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, shundan 1,5 milliard so‘mi bank krediti, 1 milliard so‘mi esa tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
Bugungi kunda xorijiy davlatlarda ekologiyaga zarar yetkazmaslik maqsadida selofan paketlardan bosqichma-bosqich voz kechilmoqda. Plastik chiqindilarni kamaytirish siyosati natijasida qayta foydalanish mumkin bo‘lgan matoli eco-sumkalarga talab keskin oshdi.
Aynan shu ehtiyojni inobatga olgan holda “Mingchinor Chevarlari” korxonasi turli hajm va dizayndagi eko-sumkalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Bundan tashqari, restoranlar uchun sochiqlar va dasturxonlar (skaterlar) ham tayyorlanadi.
Mahsulotlar Germaniya, Polsha va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda. Korxonaning eksport hajmi 100 ming AQSH dollariga yetgan.
Hozirda korxonada 60 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan va yosh bolali 20 nafar ayolga uyida ishlashi uchun tikuv mashinalari berilib, ular kasanachilik asosida faoliyat yuritmoqda. Ular ishlab chiqargan mahsulot hajmiga qarab oyiga o‘rtacha 2–4 million so‘m daromad topmoqda.
Korxonada ishchi-xotin-qizlar uchun issiq ovqat tashkil etilgan. Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalarga muntazam ravishda moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Bugungi kunda korxona bir kunda 5–6 ming dona, oyiga esa 200 ming dona mahsulot ishlab chiqarmoqda.
Korxona rahbariyati ishlab chiqarish quvvatini yanada kengaytirish niyatida. Joriy yilning 3-choragida qo‘shimcha 50 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shu tariqa, tuman markazidan uzoqda joylashgan Mingchinor mahallasida tashkil etilgan mazkur korxona nafaqat eksportbop mahsulot ishlab chiqarmoqda, balki ayollar bandligini ta’minlash, ekologiyani asrash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.








