Aholi xonadoniga borib o‘rganish: aholini ro‘yxatga olishning ikkinchi bosqichi boshlandi
2026-02-11 10:35:00 / Yangiliklar

Mazkur bosqich doirasida ro‘yxatga oluvchilar, avvalo, onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar, shuningdek, dastlabki bosqichda savolnomalarni to‘liq yoki to‘g‘ri to‘ldirmagan aholi xonadonlariga tashrif buyurib, zarur ma’lumotlarni joyida aniqlashtirmoqda.
Ikkinchi bosqichning dastlabki kunlaridayoq ko‘plab xonadonlar qamrab olinib, aholi va xo‘jaliklarga oid ma’lumotlar planshet qurilmalari orqali maxsus elektron axborot tizimiga kiritildi. Ayni paytda ro‘yxatga olish uchun joriy etilgan maxsus axborot platformasi barqaror ishlamoqda.
Savolnomalar registratorlar — mahalla vakillari tomonidan aholi xonadonlariga bevosita borilgan holda to‘ldirilmoqda va barcha ma’lumotlar real vaqt rejimida yagona axborot bazasiga uzatilmoqda. Bu esa ma’lumotlarning aniqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, ro‘yxatga oluvchilarning har bir harakati GPS tizimi orqali nazorat qilinmoqda. Belgilangan tartib-qoidalarga rioya etilmagan holatlar, xususan, xonadonga bormasdan savolnoma to‘ldirish yoki asossiz ma’lumotlar kiritish holatlari axborot tizimi orqali avtomatik aniqlanib, registratorlarning planshet qurilmalariga ogohlantirish yuborilmoqda.
Bugun ushbu jarayonlarning borishi va aniqlangan masalalar yuzasidan aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha tuzilgan shtab yig‘ilishida atroflicha muhokama olib borildi. Yig‘ilishda ro‘yxatga olish ishlarini yanada sifatli tashkil etish, qamrovni kengaytirish va aniqlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.





