Bugundan g‘allaga e’tibor — ertangi mo‘l hosil kafolati: Shofirkon tumanida 6600 gektar maydonda g‘alla ekinlari parvarishlanmoqda
2026-02-03 13:25:00 / Yangiliklar

Shofirkon tumanida jami 376 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 6600 gektar maydonda g‘alla ekinlari joylashtirilgan. Hosildorlikni oshirish maqsadida g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘itlar chiqarish ishlari yo‘lga qo‘yilib, 1 tonnadan 5 tonnagacha, jami 36 tonna o‘g‘it jamg‘arilgan. Sug‘orish tizimini yaxshilash maqsadida 1400 gektarga yaqin fermer xo‘jaliklari dalalarida sharbat usulida sug‘orish uchun xandaklar qazildi.
2026 yil hosili bo‘yicha fermer xo‘jaliklari har gektardan 80 sentnerdan hosil olishni maqsad qilgan bo‘lib, bu umumiy hisobda 52 800 tonna g‘alla yetishtirish imkonini beradi. Davlat xaridi uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq, yetishtirilgan hosildan 18 772,8 sentner g‘alla davlatga topshiriladi, belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilgach, qolgan qismi fermer xo‘jaliklarining omborxonalariga joylashtiriladi. Ayni vaqtda ushbu rejalarni amalga oshirish bo‘yicha dalalarda barcha agrotexnik tadbirlar izchil olib borilmoqda.
Hozirgi kunda g‘alla maydonlarini sulfat ammoniy o‘g‘iti bilan oziqlantirish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Jumladan, 5854 gektar maydon to‘liq oziqlantirilib, ushbu jarayonda 878 100 tonna sulfat ammoniy o‘g‘iti sarflandi. Qolgan maydonlarda esa oziqlantirish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Bu chora-tadbirlar g‘allaning sog‘lom rivojlanishi, hosildorlikning oshishi va sifatli don yetishtirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur jarayonlar bilan yaqindan tanishish maqsadida tuman hokimi tomonidan fermer xo‘jaliklari dalalarida o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida g‘alla parvarishi, mahalliy o‘g‘itlarni jamg‘arish va ularning dalalarga chiqarilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Sulton jo‘ra, Chandir, Jo‘ynav va Iskogare hududlarida joylashgan “Dilshod To‘yboy dalasi”, “Yorov Said Saxovati”, “Dilshod To‘yboyevich”, “Nurafshon chorva mahsulotlari”, “Tohirbek Jonibek zamini”, “Orif Homit fermer xo‘jaligi”, “Rasulbobo-2018” fermer xo‘jaliklari dalalarida mahalliy o‘g‘itlar jamg‘arilganligi o‘rganildi hamda aniqlangan masalalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.








