Tadbirkorlik va mehnat uyg‘unligi — farovon oila asosi
2026-01-30 18:50:00 / Yangiliklar

Rasulova Jamila Xayrullaevna turmush o‘rtog‘i Soliyev Hayotjon Nutfullaevich bilan hamkorlikda 3 nafar farzandni voyaga yetkazib, bugungi kunda namunali oila sifatida e’tirof etilmoqda.
Oilaning 0,20 sotix tomorqa yeri mavjud bo‘lib, undan samarali foydalanib kelinmoqda. Jumladan, 0,05 sotix yerga sarimsoq, 0,01 sotix yerga ismaloq ekilgan bo‘lib, har bir sotixdan o‘rtacha 1 million so‘mdan daromad olinmoqda. Shuningdek, 0,14 sotix tomorqa yeriga kartoshka va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ekish uchun yer tayyorlab qo‘yilgan. Bu esa oilaning kundalik daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Rasulova Jamila oila a’zolari — kelini Nazarova Sharifa hamda o‘g‘li Nutfullaev Shamshod bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Xususan, 2024-yilda asalarichilik yo‘nalishida 33 million so‘m kredit mablag‘i hisobidan 30 ta asalari oilasi xarid qilingan. Bugungi kunda asalari oilalari soni 60 taga yetkazilib, oilaning umumiy daromadi 75 million so‘mga oshgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PK-306-sonli qaroriga asosan 200 million so‘m kredit mablag‘i ajratilib, dastlab 25 bosh chorva mollari xarid qilingan. Hozirgi kunda chorva mollari soni 55 boshga yetkazilib, ushbu faoliyat turi ham oilaga barqaror va qo‘shimcha daromad keltirmoqda.
Suhbat jarayonida Rasulova Jamila Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oilaviy daromadlarni oshirish maqsadida yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli oilasining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli sezilarli darajada yaxshilangani, buning uchun o‘z minnatdorligini bildirdi.
Bugungi kunda Rasulova Jamila oilasi o‘z mehnati, tashabbusi va yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish orqali farovon hayot sari dadil qadam tashlab, ko‘plab oilalarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.









