Shofirkon tumanida elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda
2026-01-18 16:40:00 / Yangiliklar

Mazkur maqsadda Shofirkon tuman elektr ta’minoti korxonasi balansida hozirda 680 dona transformator punktlari hamda 0,4/10 kV kuchlanishli umumiy uzunligi 1 354 kilometr bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari mavjud. Ushbu infratuzilma orqali aholi va iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
Elektr ta’minoti tizimini yanada yaxshilash, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida 2026-yil uchun aniq reja va dasturlar ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 223 dona transformator punktlari hamda 398,7 kilometr 0,4/10 kVli elektr uzatish tarmoqlarida joriy ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan. Shuningdek, 85 dona transformator punktlari va 285,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini yangi qurish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxat asosida 11 dona yangi transformator punktlari, 34,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari qurilishi hamda 526 dona yangi tayanchlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu ishlar elektr tarmoqlarining mustahkamligini oshirib, uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Amaliy ishlar doirasida Jo‘sho‘ra mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Savrak qishlog‘ida ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida eskirgan yog‘och tayanchlar o‘rniga 14 dona zamonaviy temir-beton tayanchlar o‘rnatildi. Bu esa mazkur hududda elektr ta’minotining barqarorligini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, Shofirkon tumanida olib borilayotgan mazkur ishlar elektr ta’minoti sifatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda aholi va iste’molchilarga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.









