Rasmiy munosabat
2026-01-15 21:00:00 / Yangiliklar

G‘ulomte mahallasi hududidan o‘tuvchi kanal quvuriga aholi tomonidan tashlangan maishiy chiqindilar hamda obodonlashtirish ishlari davomida qolib ketgan xas-xashaklar tiqilib qolishi oqibatida suv o‘tkazuvchanligi pasaygan. Natijada suv sathi ko‘tarilib, kanal o‘zanidan chiqib yo‘l qismiga oqib o‘tgan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda tasvirga olinib e’lon qilingan bo‘lib, suv chiqishiga asosiy sabab sifatida yog‘ingarchilikning keskin oshgani haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.
Ta’kidlash joizki, ushbu holat oqibatida fuqarolarga va ularning mulklariga zarar yetkazish holatlari kuzatilmagan, mazkur masala yuzasidan mas’ul tashkilotlarga hech qanday murojaatlar kelib tushmagan.
Hozirda kanal quvurlari tozalanib, suvning me’yoriy oqimi to‘liq tiklandi. Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida mas’ul tashkilotlar tomonidan profilaktik nazorat va tushuntirish ishlari kuchaytiriladi.
