Savobni safardan emas, xizmatdan izlaganlar
2026-01-12 17:25:00 / Yangiliklar

Holbuki, Umra — bu ixlos, kamtarlik va tavba ibodatidir. Unda na riyo, na manmanlik, na manfaat ustun bo‘lishi kerak. Eng achinarlisi, ba’zan bilimsizlik sababli ibodatning ruhiga zid xatti-harakatlar ham sodir etilmoqda.
Shu fon’da Bog‘iafzal mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi bir oilaning qilgan ishi ko‘pchilik uchun haqiqiy ibrat bo‘la oladi.
Bog‘iafzal MFYda istiqomat qiluvchi oila ustunlari — Jamila O‘rinova va Sadullo Rahimov 2025-yilda Umra ziyorati uchun yig‘ib yurgan qariyb 70 million so‘m mablag‘larini shaxsiy safarga emas, balki qishloqdoshlari manfaatiga yo‘naltirishni afzal ko‘rdi.
Mazkur mablag‘ evaziga Bog‘iafzal, Pashmon, Jilvon hamda Sh.Rashidov mahallalarini o‘zaro bog‘lovchi ko‘prik, shuningdek So‘fiyon qishlog‘ida joylashgan ko‘prik to‘liq ta’mirlanib, ularga qo‘shimcha plitalar yotqizildi, ko‘priklar kengaytirildi va yo‘l qismi asfaltlashtirildi.
Natijada bugun ushbu ko‘priklardan yuzlab xonadonlar xavfsiz va qulay foydalanmoqda.
5 nafar qiz va 1 nafar o‘g‘ilni tarbiyalab, uyli-joyli qilgan, bugun 11 nafar nevaraning quvonchi bilan umrguzaronlik qilayotgan ushbu nuroniylar hayotiy qarori bilan ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi.
Otaxon Sadullo Rahimov bilan suhbat chog‘ida shunday deydi:
“Bir Umra ziyorati — bitta odam uchun savob.
Bir ko‘prik esa — yuzlab, minglab odamlar uchun har kuni duoga sabab bo‘ladi.
Qishloqdoshlarimizga manfaat keltirganimizdan juda xursandmiz.”
Ma’lumki, otaxon uzoq yillar qurilish sohasida faoliyat yuritgan, onaxon esa umrini farzandlar tarbiyasiga bag‘ishlagan. Balki aynan shu hayotiy tajriba ularni savobni faqat safarda emas, xizmatda ko‘rishga undagandir.
Bu voqea bizga bir haqiqatni yana bir bor eslatadi:
ibodat faqat safar emas,
savob faqat Ka’ba atrofida emas,
Alloh roziligi — bandaga foyda yetkazishda ham mujassam.
Bog‘iafzalda qurilgan bu ko‘prik — nafaqat temir va beton, balki ixlos, vijdon va iymon ustiga qurilgan ko‘prikdir.







