Shofirkon tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Yusupov Rustam Davronovichning murojaati
2025-12-13 01:05:00 / Yangiliklar

Biroq, tinchlikka raxna solib, ushbu ne’matlardan va imkoniyatlardan o‘zining g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanayotgan ayrim shaxslar bu kabi rivojlanishga to‘sqinlik qilib, fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlariga zarar yetkazmoqda.
Xususan, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etib kelayotgan shaxslar bunga misoldir.
Ichki ishlar organlari xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tumanimiz hududida giyohvand hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi keskin kurash olib bormoqdamiz.
Bu illatga qarshi kurashishda, eng avvalo yoshlar hamda voyaga yetmaganlar orasida keng tarqalishini oldini olishda manzilli, tezkor hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Tezkor tadbirlar davomida ko‘plab holatlarni aniqladik, lekin, bu yo‘nalishga yanada jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak.
Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida jami sodir etilgan jinoyatlar 243 tani tashkil qilib, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar esa, 42 ta sodir etilgan bundan tashqari, kiberjinoyatchilik yo‘nalishida 7 ta jinoyatlar qayd etilib, asosan kibero‘g‘rilik (5 ta), kiberfiribgarlik (2 ta) hamda boshqa turdagi jinoyatlar hisoblanadi.
Fuqarolarimiz kiberjinoyatlar turli aldovlar bilan yuborilgan sohta havola orqali karta boshqaruvini qo‘lga kiritish va internet orqali onlayn savdolarni amalga oshirishda pul mablag‘larini to‘lash yo‘llar bilan aldanganliglari ma’lum bo‘ldi.
Jinoyatchilar fuqarolar ishonchiga kirish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanib, mashhur insonlarning sohta videolarini tayyorlashmoqda, boshqa bir holatda esa “ushbu sur’atdagi senmi” yoki “to‘yga taklifnoma” mazmunidagi fayllar yuborish orqali fuqarolar plastik kartasidagi pullarni osongina qo‘lga kiritishni ko‘zlamoqda.
Kiberjinoyatlarni oldini olish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinmoqda, birgina misol “Telegramm” ijtimoiy tarmog‘i orqali tumandagi 49 ta ochilgan mahalla guruhlariga fuqarolarni hushyorlikka chaqiruvchi, targ‘ibot materiallari va videoroliklar, kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq fosh etilgan holatlar kun davomida, har soatda targ‘ib qilib kelinayotgan bo‘lishiga qaramasdan, afsuski aholiga haligacha yetkazib berolmayapmiz.
Bu turdagi jinoyatlarga barham berishning eng samarali yo‘li, aholida kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir. Barchamiz nafaqat o‘zimizni balki yon atrofdagilarni bu jinoyatlardan himoya qilishni o‘rganishimiz kerak. Ba’zan haddan tashqari ishonch va oson yo‘l bilan boyish istagi o‘zimiz bilmagan holda turli tuzoqlarga ilinib qolishimizga olib kelmoqda.
Shu sababli aholimizdan quyidagilarga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz:
Bugungi kunda bu turdagi jinoyatlar ham zamonaviylashgan, giyohvand hamda psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanish ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan!
Internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar” orqali jinoyatlar sodir etilmoqda.
Bu jarayonga bizning sodda yoshlarimiz, ayniqsa voyaga yetmaganlarning jalb etilayotgani esa o‘ta xatarli. Bu jinoiy guruhlar faoliyati xorijdan turib boshqarilmoqda. Ularga yetib borish turli qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Buni yashirolmaymiz albatta.
Ammo, fuqarolarimizdagi loqaydlik va atrofdagi hodisalarga bee’tiborlik ham aynan ushbu turdagi jinoyatlarning keng quloch yoyishiga sabab bo‘lmoqda.
Nega, mana shunday reklama qog‘ozlarini uyingiz eshigiga, devorlarga, ko‘cha va jamoat joylarida yopishtirib ketayotganlarni to‘xtatmaysiz? Bunday shubxali shaxslar to‘g‘risida huquq-tartibot organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar bermaysiz?
“Och qornim-tinch qulog‘im” qabilida ish tutayotganlar! Ogoh bo‘ling! Bu illat sizning ham xonadoningizga kirib bormasligiga kim kafolat beradi?
Bu illatga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz shart!
Shuning uchun, Hurmatli ota-onalar, aziz vatandoshlar, e’tiborli bo‘ling! farzandlaringiz, aka-uka, yaqinlaringiz, tanish-bilishlaringiz orasida xulq-atvori, yurish-turishi, xatti-harakatlarida kutilmagan o‘zgarish bo‘lsa, buni yashirishga urinmang. Mahalla ko‘y, tanish bilishlar nima deydi degan o‘y hayol bilan yashirishga urinmang. Bir o‘zingiz ularni og‘u domidan chiqarib ololmaysiz. Bunday shaxslarga mutaxassislarning yordami kerak. O‘z vaqtida yaqinlaringizni giyohvandlik domidan tortib olsangiz, yanada og‘irroq oqibatlarni oldini olgan bo‘lasiz.
Biz bu jinoyatlarni sodir etayotganlarni aniqlab, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlaymiz. Lekin shaxs javobgarlikka tortilishi bilan uning kelajagi, oilasi nima bo‘ladi? Bu illat butun jamiyatimiz va kelajagimizga katta xavf tug‘dirishini unutmaylik.
Yana bir masala, aksariyat hollarda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan va undan zaharlangan yoshlarning aksariyatini ularning yaqinlari bilgan, ko‘rib turgan. Biroq mustaqil va yashirincha harakat qilib, tegishli idoralarga o‘z vaqtida ma’lum qilmaganlar.
Giyohvand moddalar yoki kuchli ta’sir qiluvchi dorilar iste’moli ta’siri ostida har qanday jinoyatlar, ayniqsa eng og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishi muqarrar va biz bu holatlarni o‘z tajribamiz davomida ko‘rib turibmiz.
Bunday vositalar ta’siri ostida transport vositalarini boshqargan shaxslar esa og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini sodir etishlari mumkinligini ham unutmaslik kerak. Bunday shaxslar nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqa begunoh insonlarning ham hayotiga nuqta qo‘yishi yanada achinarlidir.
Shu bilan birga yana bir masalaga e’tibor qaratishlarizni so‘rab qolaman!
Kiberjinoyatlar, ya’ni axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoiy tajovuzlar. Bu turdagi jinoyatlar zamon va makon tanlamasligi va masofadan turib sodir etilayotganligi sababli ish faoliyatimizda anchayin qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.
Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli fuqarolarda kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir. O‘zimizni bu jinoyatlardan himoya qilishni o‘rganishimiz kerak. Bizni ishonuvchanligimiz, oson boylik orttirishga bo‘lgan qiziqishimiz bu qopqonga tushishimizga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli aholimizdan quyidagilarga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz:
- eng avvalo telefon va gadjetlaringizga ikki bosqichli parol o‘rnating, avtomatik yuklab olish ilovalarini o‘chirib qo‘ying;
- plastik karta pin-kodini begona shaxslarga bermang;
- savdo nuqtalari atrofidagi begona shaxslar orasida karta pin-kodini ma’lum qilmang, terminalga pin-kodni shaxsan kiriting, pin-kodni kiritish qurilmalarida shubhali qoplamalar mavjud emasligini tekshiring;
- masofadan turib elektron to‘lovlarni yoki pul o‘tkazmalarini amalga oshirish davomida maxsus kodni oshkor etmang;
- elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqlardan bank plastik karta to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni jo‘natmang;
- bank plastik kartasi uchun SMS-xabarnoma xizmatini begona shaxslar telefon raqamiga ulamang;
- yaqinlaringiz va tanishlaringizning garovga olinganligi, yordamga muhtojligi yoki biror bir mushkul ahvolga tushib qolganligini aytib, tanish do‘sti, tergovchi, tibbiyot xodimi yoki boshqa shaxs maqomida qo‘ng‘iroq qilib pul talab qilishayotgan bo‘lishsa yoxud chet mamlakatda yurgan yaqiningiz ovozida qo‘ng‘iroq qilib pul so‘rashsa aslo ishonmang.
Bu sun’iy intellekt orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik bo‘lishi mumkin. Agarda yuqoridagi kabi holatlarga duch kelsangiz 102 qisqa raqamiga zudlik bilan murojaat qiling.
Hurmatli vatandoshlar!
Mahallangiz, oilangiz, yaqinlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilar, tanish bilishlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda sizlardan jonbozlik ko‘rsatishingizni so‘rab qolamiz.
Agarda, Sizda fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida ma’lumotlar bo‘lsa, bizga “102” qisqa raqami orqali yoki eng yaqin ichki ishlar organlariga xabar berishingizni so‘raymiz.
Albatta xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz. Shuni e’tiborga olingki, bu, davlat va jamiyat oldidagi o‘z burchiga sodiqlik hisoblanadi. Sizning shu xabaringiz orqali og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldi olinishi, insonlar hayoti saqlab qolinishi mumkinligini aslo unutmang. Hech birimiz befarqlikka berilmasligimiz lozim.
Agar Sizning ma’lumotingiz asosida og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar to‘xtatib qolinsa, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishining oldi olinsa, o‘rnatilgan tartibda rag‘batlantirish choralarini ko‘ramiz.
Shuni bilingki, jinoyat sodir etilganidan keyin emas, ularni oldindan bartaraf etishga e’tibor qarataylik.
Murojaatim so‘ngida yana bir muhim masalani e’tiboringizga havola qilmoqchiman.
Joriy yilning 5 mart kuni muhtaram prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida Buxoro viloyatini korrupsiya va jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish borasida “Buxoro tajribasi”ni yaratish, keyinchalik esa ushbu ijobiy tajribani respublikaning boshqa hududlariga tadbiq etish nazarda tutilgan.
Bunday mas’uliyat buxoroliklarga berilgan ishonchning yuksak namunasidir.
Bugungi kunda aynan ushbu topshiriqdan kelib chiqib, viloyat hokimi boshchiligida barcha davlat va nodavlat tashkilotlar mas’ul rahbarlari bilan birgalikda keng ko‘lamli va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hurmatli tumanimiz fuqarolari keling hammamiz birgalashib, korrupsiogen holatlarga murosasiz bo‘lgan holda mahallalarimiz va xonadonlarimizni jinoyatdan xoli hududga aylantiraylik.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadoningizga xotirjamlik, fayzu-baraka tilayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
