OILADAGI ZO‘RAVONLIK – YASHIRIN FOJIA.
2025-09-15 09:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda jamiyatimizda turli sohalarda katta yutuqlar qo‘lga kiritilayotgan bo‘lsada, ayrim oilalarda sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlari hanuz jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Afsuski, ko‘plab jabrlanuvchilar bu haqida gapirishdan cho‘chiydi, jamiyat bosimidan qo‘rqadi yoki oilaning buzilishidan xavotirlanadi. Aslida esa, oiladagi zo‘ravonlik nafaqat bir insonning, balki butun jamiyatning muammosidir. Bu hodisa jismoniy kaltaklash, ruhiy tazyiq, iqtisodiy cheklov yoki maʼnaviy kamsitish kabi turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha ayollar va bolalar zo‘ravonlik qurboni bo‘lsada, ayrim hollarda erkaklar ham tazyiqqa uchraydi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday muhitda ulg‘aygan bolalar ruhiy jarohat olib, kelajakda jamiyatga moslashishda qiyinchiliklarga duch keladi. Zo‘ravonlikning ildizi ko‘pincha noto‘g‘ri tarbiya, iqtisodiy qiyinchilik, stress yoki ijtimoiy tushunmovchiliklarga borib taqaladi, ammo qanday sabab bo‘lishidan qatʼiy nazar, hech qachon oqlanmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuni bo‘lgan Konstitutsiyada ham oilaviy zo‘ravonlikka zid ko‘plab moddalar mavjud. Masalan, 25-moddada yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ulkanligi belgilangan bo‘lsa, 25-modda shaxsiy daxlsizlik va erkinlikni kafolatlaydi. 26-modda esa insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsiz bo‘lib hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligini belgilaydi. Shuningdek, davlat fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishini kafolatlaydi hamda ayollar va erkaklarning teng huquqliligini taʼminlab, oiladagi gender tengsizligiga yo‘l qo‘yilmasligini ko‘rsatadi.
Oilaviy kodeksda ham bu masalaga oid normalar mavjud: 19-moddaga ko‘ra, er va xotinlarning huquq va majburiyatlari teng hisoblanadi, bu esa oilada har qanday zo‘ravonlikning huquqiy jihatdan noto‘g‘riligini anglatadi. 41–44-moddalar esa zarur hollarda nikohni bekor qilish tartibini belgilab, zo‘ravonlik qurbonlariga huquqiy yechim sifatida xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, 2023 yilda O‘zbekiston parlamenti oilaviy zo‘ravonlikni jinoyat sifatida tan olib, unga qarshi kurashishda yangi qonunlarni qabul qildi. “Ayollar va qizlarni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish” to‘g‘risidagi qonun esa ushbu sohada muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish faqat davlat yoki huquq-tartibot organlarining emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Har bir fuqaro bu muammo haqida befarq bo‘lmasligi, yordam so‘raganlarga ko‘mak berishi va oilada mehr, hurmat va ishonch tamoyillarini mustahkamlashi kerak. Chunki har bir oila – bu kichik jamiyat bo‘lib, unda tinchlik va mehr hukm sursa, butun mamlakatning kelajagi ham mustahkam bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudining tergov sudyasi Korabayev Rustam Xatamovich
