Sirdaryo IESda press-tur va o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi
2025-07-18 18:30:00 / Press-tur

Joriy yilning 18-iyul kuni Shirin shahrida joylashgan yirik energetika korxonasi – Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida o‘quv-amaliy seminar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Innovatsion loyihalar, texnik ishlanmalar va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz!” bosh g‘oyasi ostida yuqori kayfiyatda tashkil etildi. Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi korxonalardan tashrif buyurgan iqtidorli yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Mehmonlarga stansiya tarixi, texnik imkoniyatlari va rivojlanish bosqichlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, stansiya 1972 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va hozirgacha 700 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqargan.
Bugungi kunda korxonada 2000 ga yaqin ishchi faoliyat yuritmoqda, ularning 200 dan ortig‘i yoshlar bo‘lib, ular tajribali ustozlarga biriktirilgan. “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida yosh kadrlarga ustuvor eʼtibor qaratilgan.
So‘ngi yillarda korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida keng ko‘lamdagi istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan: stansiya yosh mutaxassislari tomonidan mikro GES va suzuvchi panton GESlar, turli o‘lchamlardagi membranalar, nasoslar va yong‘in gidrantlari uchun zichlov rezinalari, ishchi g‘ildirak va antifiriz suyuqliklari ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari qurilish sohasi uchun bruschatka, penablok, sip-panel, shlakoblok va turli o‘lchamdagi issiqlik qoplamalari ham ishlab chiqarilmoqda.
Korxonada bu kabi istiqbolli loyihalar davom etmoqda. Ha energetiklar faqatgina elektr energiyasi emas balki boshqa sohalarda ham faolligini ko‘rsatib bormoqda.
2024 yilda bir guruh yoshlar tashabbusi bilan stansiyada innovatsion markaz o‘z ish faoliyatini boshladi. Mahalliylashtirish va konstruktorlik bo‘limi negizida tashkil etilgan ushbu markaz, endilikda barcha qulayliklarga ega o‘zining zamonaviy ustaxonasi va malakali yosh mutaxassis kadrlari bilan yangi g‘oyalar, istiqbolli tashabbuslarni ham ilgari surishmoqda.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda yosh energetiklar Sirdaryo IESdagi amaliy tajribalar bilan bevosita tanishishdi. Bunday tashabbuslar yoshlarni rag‘batlantirish va ularning salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.









