Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar va ularning farzandlariga ko‘rsatilayotgan yordamlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi
2025-07-10 10:50:00 / Matbuot anjumanlari

🔹 Bugun, Shirin shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar va ularning farzandlariga ko‘rsatilayotgan yordam yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda mahalliy OAV vakillari, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va ijtimoiy soha xodimlari ishtirok etdi.
📌 Tadbirni markaz direktori Rafiq Boyqobilov ochib berdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-maydagi PQ–175-sonli qarori asosida joriy etilgan yangi tartiblar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, 2024-yil 1-iyundan boshlab “Inson” markazlari tomonidan himoya orderisiz ham jabrlangan ayollarga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.
🩺 Ayollar shahar Tibbiyot birlashmasidagi “Birlamchi ko‘mak xonalari”ga joylashtiriladi. Zarurat bo‘lsa, ular viloyatdagi reabilitatsiya markazlariga yuboriladi va 6 oygacha yordam xizmatlaridan foydalanadi. Bu jarayon bolalarning ta’limdan uzilmagan holda amalga oshiriladi.
📊 Anjumanda qayd etilishicha, 2025-yilning boshidan buyon Shirin shahrida 76 ta tazyiq va zo‘ravonlik holati aniqlangan:
-
7 nafar ayol “Birlamchi ko‘mak xonasi”ga joylashtirilgan,
-
40 nafardan ortiq ayol va ularning farzandlariga psixologik yordam ko‘rsatilgan,
-
15 nafar ayol huquqiy maslahat olgan.
👧 Shu bilan birga, “Inson” markazining psixologlari va bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘basi tomonidan maktab va mahallalarda 10 dan ortiq trening va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Bulling belgilari aniqlangan 14 nafar bola bilan individual psixologik ishlar olib borilgan.
⚖️ Zo‘ravonlikka moyil shaxslar bilan ishlash borasida ham yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. 2025-yildan boshlab bunday shaxslar reyestri yuritilishi, ular bilan tuzatish dasturlari asosida ish olib borilishi rejalashtirilgan.
🗣 Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘z savollariga javob oldilar. Jumladan:
-
Jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatishda himoya orderi talab qilinmasligi;
-
Ayol va farzandlariga qanday tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatilishi;
-
Reabilitatsiya jarayoni va bolalarning ta’limi bo‘yicha chora-tadbirlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
🤝 Tadbir yakunida direktor Rafiq Boyqobilov jamiyatda zo‘ravonlikning oldini olish — faqat davlat organlari emas, balki butun jamiyatning vazifasi ekanini ta’kidladi va bu borada OAV, blogerlar va fuqarolik jamiyati vakillarini hamkorlikka chaqirdi.
Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashaylik!






