Press-tur: Shirin shahar “Vatanparvar” mahallasining obodlik tajribasi bilan tanishuv
2025-05-05 18:55:00 / Yangiliklar

Bugun Shirin shahrida “Vatanparvar” mahallasida o‘tkazilgan press-tur doirasida jurnalistlar, blogerlar va OAV vakillari ushbu obod mahalla hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Tadbir davomida mehmonlar tomonidan mahallada olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari, tomorqadan foydalanish madaniyati, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va aholi bandligini taʼminlash borasidagi ijobiy amaliyotlar eʼtirof etildi.
20,5 gektar maydonni egallagan, 756 nafar aholi istiqomat qilayotgan va 222 ta xonadondan iborat bu kichik mahallada katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. 5 ta ko‘p qavatli va 12 ta hovlili uylarni o‘z ichiga olgan “Vatanparvar” mahallasi bugun o‘zining namunaviy jihatlari bilan ajralib turibdi.
Alohida eʼtiborga loyiq jihatlardan biri shuki, 25 ta tashabbuskor oila tomonidan qariyb 1 gektar qarovsiz yer obod qilinib, unda bog‘ barpo etilgan va 800 tup mevali daraxt ekilgan. Bu faqat ekologik foyda emas, balki iqtisodiy jihatdan ham aholi manfaatiga xizmat qilmoqda.
“Yashil makon” loyihasi doirasida esa mahallada 1600 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan bo‘lib, bugun bu hudud yashnayotgan yashil maskanga aylangan. Har bir hovlili xonadon tomorqasiga kirsangiz, go‘yoki kichik bog‘ga tushgandek bo‘lasiz — yerlar unumli ishlatilmoqda, 10 dan ortiq turdagi mevali daraxtlar, shuningdek, kartoshka, piyoz, pomidor va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilmoqda. Bu esa mahalla aholisi uchun barqaror daromad va oziq-ovqat xavfsizligi garovidir.
“Vatanparvar” mahallasida yoshlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, yoshlar uchun sport maydonchalari, kutubxona shuningdek, turli to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, bu ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga va foydali mashg‘ulotlarga jalb etilishiga xizmat qilmoqda.
Tashrif davomida press-tur ishtirokchilari “Vatanparvar” mahallasida shakllangan mehr-oqibat, jipslik va hamjihatlik muhitini alohida taʼkidlab o‘tishdi. Bu mahallada obodlik nafaqat tashqi ko‘rinishda, balki insonlar o‘rtasidagi ijobiy munosabatlarda, o‘zaro hurmat va bir-biriga yelkadosh bo‘lishda ham namoyon bo‘lmoqda.
Mahalla hayotidan olingan iliq taassurotlar mehmonlarda katta ijobiy taassurot qoldirdi. Ular bu kabi amaliyotlar boshqa hududlar uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkinligini eʼtirof etdilar.
📝 Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Vatanparvar” mahallasi bugun Shirin shahrining zamonaviy qiyofasini ifoda etayotgan, ekologik barqarorlik, iqtisodiy faollik va ijtimoiy birdamlik uyg‘unlashgan namunaviy mahallalardan biridir. Bu esa, shubhasiz, xalqning o‘z yurtiga, yeriga va kelajagiga bo‘lgan mehridan dalolatdir.









