Shirinda o‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
2026-10-21 08:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda shahar hokimi Dilfuza Kambarova so‘zga chiqib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi. O‘zbek tili xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi va milliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan bebaho boylik ekanini ta’kidladi. Shahar hokimi ona tiliga hurmat, avvalo, uni kundalik hayotda, ta’lim-tarbiyada va ish yuritishda to‘g‘ri qo‘llashdan boshlanishini qayd etdi. Shuningdek, tilimizning sofligini saqlash, uning nufuzini oshirish va yosh avlod qalbida ona tiliga muhabbatni mustahkamlash har birimizning vazifamiz ekanini aytdi.
Bayram shukuhi Madaniyat bo‘limi san’atkorlari ijrosidagi ona tilimizni madh etuvchi qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlarida ham o‘z ifodasini topdi. Kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Ona tilimiz - tariximiz, g‘ururimiz va ma’naviy boyligimiz. Uni e’zozlash, avaylab-asrash va kelajak avlodga yetkazish barchamizning mas’uliyatimizdir.
Barcha yurtdoshlarimizni 21-oktabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan chin yurakdan tabriklaymiz!









