Shirin shahrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va yangi investitsiya loyihalari muhokama qilindi
2026-10-19 17:50:00 / Matbuot anjumanlari

Unda 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida shaharda erishilgan iqtisodiy natijalar, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda mahalliy budjet daromadlari ijrosi haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida shaharda qurilish-pudrat ishlari hajmi 301,3 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,8 foizga oshdi. Bozor xizmatlari hajmi esa 152,6 milliard so‘mga yetib, 16,3 foizlik o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, sanoat ishlab chiqarishidagi pasayish mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, korxonalar faoliyatini tahlil qilish va ishlab chiqarish hajmini oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Matbuot anjumanida investitsiya loyihalarining ijrosiga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilning to‘qqiz oyida hududiy investitsiya loyihalari doirasida 53,4 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida 18 ta loyiha ishga tushirilib, 105 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Endilikdagi asosiy vazifa — yangi loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va yaratilgan ish o‘rinlarining barqarorligini ta’minlash.
Shahar eksporti hisobot davrida 2,428 million AQSH dollarini tashkil etdi. Eksport hajmini yanada oshirish, mahsulot turlarini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Aholi bandligi va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida ham muayyan natijalarga erishildi. To‘qqiz oy davomida 603 nafar fuqaro daromadli mehnat bilan ta’minlandi. Mahallalarda olib borilgan o‘rganishlar asosida ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish va ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettirilmoqda.
Shuningdek, matbuot anjumanida mahalliy budjet daromadlari ijrosi, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni band qilish va xorijda bo‘lgan yoshlar bilan ishlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shahar hokimi yil yakuniga qadar belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun mas’ul tashkilotlar va rahbarlar oldida turgan vazifalarni ta’kidladi. Bunda, avvalo, sanoat ishlab chiqarishini oshirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, doimiy ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini ko‘paytirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etildi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan mavzu yuzasidan berilgan savollarga javoblar berildi.




