Ingliz tilini o‘qitishda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishning samaradorligi
2026-09-16 10:50:00 / Yangiliklar

Ilgari o‘quvchi ingliz tilida biror matn yozsa, uning xatolarini asosan o‘qituvchi tekshirishi va izohlashi kerak edi. Bugun esa o‘quvchi sun’iy intellekt yordamida o‘z matnini tahlil qilishi, xatolarini ko‘rishi va ularni qanday tuzatish mumkinligini tushunishi mumkin. Bu o‘qituvchining ishini yengillashtirish bilan birga, o‘quvchining o‘z ustida mustaqil ishlash imkoniyatini ham kengaytiradi.
Masalan, ingliz tilida speaking (og‘zaki nutq) ko‘nikmasini rivojlantirish uchun o‘quvchi AI-chatbot bilan turli mavzularda suhbatlashishi mumkin. Kundalik hayot, sayohat, kasb, ta’lim yoki qiziqishlar haqida ingliz tilida savol-javob qilish orqali o‘quvchi muntazam mashq qilish imkoniga ega bo‘ladi. Sinfda gapirishga uyaladigan yoki xato qilishdan cho‘chiydigan o‘quvchi uchun bunday mashg‘ulotlar ayniqsa foydali bo‘lishi mumkin.
Writing (yozma nutq) ko‘nikmasini rivojlantirishda ham sun’iy intellektdan oqilona foydalanish mumkin. O‘quvchi avvalo matnni o‘zi yozadi. Keyin esa AI yordamida grammatik, imloviy va uslubiy xatolarini aniqlaydi. Muhimi, o‘quvchi tayyor matnni AI’ga yozdirib olmasligi, balki berilgan tavsiyalarni tushunib, o‘z ishini mustaqil ravishda takomillashtirishi kerak.
Sun’iy intellekt yangi so‘zlarni o‘rganishda ham yaxshi yordamchi bo‘la oladi. Masalan, o‘quvchi yangi so‘zning ma’nosi, sinonimi, antonimi va gapda qanday ishlatilishini so‘rashi mumkin. Eng muhimi, so‘zni faqat yodlab qolish emas, uni turli vaziyatlarda qo‘llashni o‘rganishdir. Bu esa vocabulary (lug‘at boyligi)ni muntazam ravishda oshirib borishga yordam beradi.
Grammatikani o‘rganishda ham shunga o‘xshash imkoniyatlar mavjud. O‘quvchi o‘z xatosini AI yordamida aniqlashi va uning sababini tushunishi mumkin. Masalan, noto‘g‘ri tuzilgan gapni shunchaki to‘g‘rilab berish o‘rniga, “Nima uchun bu gap noto‘g‘ri?” deb so‘rash o‘quvchini qoidani mustaqil anglashga undaydi.
Sun’iy intellektning ingliz tilini o‘qitishdagi imkoniyatlari xalqaro miqyosdagina emas, mamlakatimizda ham amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 27-iyundagi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, kasbiy ta’lim muassasalarida “Efekta” platformasi bilan hamkorlikda ingliz tilini sun’iy intellekt asosida o‘qitish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilgan. 2026-yil mart–iyun oylarida o‘tkazilgan loyiha doirasida 3 770 nafardan ortiq o‘qituvchi va o‘quvchi platformadan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Ularning 77 nafari ingliz tili bo‘yicha keyingi daraja sertifikatini qo‘lga kiritgan.
Vazirlik ma’lumotida qayd etilishicha, Efekta — CEFR xalqaro standarti asosida A1 dan C2 gacha bo‘lgan darajalarni qamrab oluvchi, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ingliz tilini o‘qitish va baholash imkonini beruvchi ta’lim platformasidir. Mazkur tajribaning davom ettirilishi bo‘yicha hamkorlik memorandumi ham imzolangan.
Bu misol sun’iy intellektning ta’limdagi imkoniyatlari faqat nazariy tushuncha emas, balki amaliyotda ham sinab ko‘rilayotganini ko‘rsatadi.
Ilmiy tadqiqotlar ham sun’iy intellektning ingliz tilini o‘rganishdagi imkoniyatlariga e’tibor qaratmoqda. 2024-yilda System ilmiy jurnalida e’lon qilingan meta-tahlilda 10 mamlakatdagi 40 ta empirik tadqiqot va 3290 nafar ishtirokchi ma’lumotlari umumlashtirilgan. Tadqiqot natijalarida sun’iy intellektdan foydalanish ingliz tilini o‘rganish natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etilgan.
Shuningdek, 2024-yilda ingliz tilida speaking (og‘zaki nutq) ko‘nikmasini rivojlantirishda AI-chatbotlardan foydalanishga oid 24 ta empirik tadqiqotni qamrab olgan tizimli sharh ham e’lon qilingan. Unda bunday vositalarning o‘quvchilarning muloqotdagi faolligi, ishonchi va og‘zaki nutqini rivojlantirishdagi imkoniyatlari tahlil qilingan.
Shu bilan birga, sun’iy intellektdan foydalanishda ehtiyotkorlik ham zarur. O‘quvchi har bir vazifani AI’ga topshirib qo‘ysa, uning mustaqil fikrlashi va izlanishga bo‘lgan ehtiyoji kamayishi mumkin. Bundan tashqari, sun’iy intellekt ba’zan noto‘g‘ri yoki noaniq ma’lumot ham berishi mumkin. Shuning uchun AI bergan javobni tekshirish, manbalarni solishtirish va mustaqil xulosa chiqarish ko‘nikmasi ham o‘quv jarayonining bir qismiga aylanishi kerak.
Bu jarayonda o‘qituvchining o‘rni, aksincha, yanada muhimlashadi. Sun’iy intellekt o‘qituvchining o‘rnini bosmaydi. U o‘qituvchiga qo‘shimcha yordam beradigan vosita, o‘quvchiga esa bilimini mustahkamlash imkonini beradigan texnologiyadir. O‘qituvchi AI yordamida tayyorlangan materiallarni tekshirishi, ularni o‘quvchilarning bilim darajasiga moslashtirishi va eng muhimi, o‘quvchining mustaqil ishlashini nazorat qilishi kerak.
Menimcha, sun’iy intellektdan foydalanishda eng muhim savol “AI bizning o‘rnimizga nima qila oladi?” emas, balki “AI yordamida o‘quvchi nimani yaxshiroq o‘rganishi mumkin?” degan savoldir. Chunki texnologiyaning qadr-qimmati uning qanchalik zamonaviy ekanida emas, balki ta’lim sifatiga qanday hissa qo‘shayotganida namoyon bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt ingliz tilini o‘rganayotgan o‘quvchiga qo‘shimcha mashq qilish, xatolarini ko‘rish, yangi so‘zlarni o‘zlashtirish va ingliz tilida muloqot qilish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq undan samarali foydalanish uchun texnologiyaga to‘liq tayanib qolmasdan, o‘qituvchi tajribasi va o‘quvchining mustaqil izlanishini birlashtirish zarur.
Bugungi ta’lim uchun eng maqbul yondashuvni “o‘qituvchi + o‘quvchi + sun’iy intellekt” hamkorligi bilan ifodalash mumkin. Bunday hamkorlikda texnologiya insonning o‘rnini egallamaydi, aksincha, uning bilim olish va bilim berish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Robiya Azimjonova
Shirin energetika texnikumi ingliz tili fani o‘qituvchisi
