SUD TIZIMIDA SUN’IY INTELLEKTNI JORIY QILISH: AHAMIYATI, IMKONIYATLARI VA XAVFLARI
2026-07-28 12:20:00 / Yangiliklar

So‘nggi o‘n yillikda raqamli texnologiyalar taraqqiyoti huquq sohasida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining huquqiy institutlarga, jumladan, sud tizimiga integratsiyalashuvi global miqyosda dolzarb masalaga aylandi. Bugungi kunda sun’iy intellektdan foydalanish orqali huquqni qo‘llashda tezlik, aniqlik va obyektivlik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlar shakllanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ham bu borada faol qadamlar tashlamoqda.
Prezidentning 2020-yil 5-oktabrdagi PQ–4851-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sud tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellektni huquqiy sohalarga integratsiyalash masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Mazkur hujjatda “raqamli texnologiyalar asosida yuritiladigan ishlar ochiqligi va fuqarolarning sud adolati institutiga bo‘lgan ishonchini oshirish” maqsadi qayd etilgan.
Sun’iy intellekt sud jarayonlariga turli shakllarda joriy qilinishi mumkin: avtomatlashtirilgan hujjat aylanishi, sud jarayonlarini tahlil qilish, ehtimoliy qaror modellashtirish, nutqni matnga aylantirish va boshqa ko‘rinishlar. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida belgilangan “xalq manfaatlariga xizmat qiladigan adolatli davlat boshqaruvi” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Shu bilan birga, SI texnologiyalarini sud faoliyatiga tatbiq qilish bir qator huquqiy va axloqiy muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Xususan, algoritmik adolatsizlik, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligining buzilishi, insoniy omilning inkor etilishi kabi tahdidlar mavjud. “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun va “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun doirasida ushbu muammolar hal qilinishi zarur.
Mazkur maqola SI texnologiyalarining sud tizimiga joriy qilinishi masalasini yuridik va amaliy jihatdan chuqur tahlil qilishga qaratilgan. Maqolaning obyekti – sud tizimi, predmeti – SIning sud tizimidagi yuridik o‘rni va ta’siridir. Tadqiqotda qonunchilik bazasi, xalqaro tajriba va mavjud xavf-xatarlar kompleks o‘rganilib, huquqiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, maqola O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi kabi me’yoriy hujjatlarni tahlil qilishga tayanadi.
Yakuniy maqsad – SIning sud tizimidagi salohiyati va xavflarini aniqlash, milliy qonunchilikdagi bo‘shliqlarni ko‘rsatish va ularni bartaraf etish yo‘llarini yoritishdan iborat.
Zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt (SI) sud-huquq tizimiga tobora keng kirib kelmoqda. Dunyoda bir qator ilg‘or mamlakatlar bu texnologiyalarni adolatli sudlovga xizmat qildirishga intilmoqda. Misol uchun, AQShda sud qarorlarini prognoz qilishga ixtisoslashgan COMPAS tizimi ma’lumotlar tahlili orqali jinoyatchining qayta jinoyat sodir etish ehtimolini baholaydi. Bunday “predictive analytics” texnologiyasi avvalgi sud qarorlarini o‘rganib, yangi ish bo‘yicha ehtimoliy xulosalar beradi. Xuddi shunday, Xitoyda ‘Smart Court” loyihasi doirasida yuzlab funksiyalar avtomatlashtirilgan bo‘lib, da’vo arizalari, sud chaqiruvlari va sud majlislari onlayn tarzda boshqariladi.
O‘zbekiston uchun bu tajribalar ayni muddao bo‘lishi mumkin. Misol uchun, sud majlislari jadvalini avtomatik tuzish, ish taqsimotini optimallashtirish, shikoyatlarni elektron qabul qilish va ularni dastlabki tartibga solish kabi funksiyalar SI tomonidan bajarilishi nafaqat inson resurslarini tejaydi, balki sudlov tezkorligini oshiradi. Shu bilan birga, ChatGPT kabi zamonaviy chatbot texnologiyalari fuqarolarga da’vo arizalarini shakllantirishda, sud jarayoniga oid hujjatlarni to‘ldirishda yordam berishi mumkin.
Shuningdek, nutqni matnga aylantirish texnologiyalari yordamida sud majlislarini to‘liq va ishonchli transkripsiyalash imkoniyati mavjud bo‘lib, bu sud tarixini yuritish, appelyatsiya tartibida ko‘rib chiqish hamda ommaviy monitoringda muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston qonunchiligida sun’iy intellektning huquqiy asoslari va mavjud bo‘shliqlar.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida sun’iy intellekt texnologiyalarini tartibga soluvchi alohida, maxsus normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Ammo mavjud ba’zi qonunlar SI tatbiqi uchun asos bo‘la oladi. Xususan, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonun davlat xizmatlarini raqamlashtirishga oid umumiy me’yorlarni belgilaydi. “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonun esa axborot tizimlarining ishlash tamoyillari va axborot xavfsizligiga oid normalarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasida shaxsga oid ma’lumotlarni qayta ishlashda ularning roziligi va ma’lumotlar xavfsizligi kafolatlanishi lozimligi qayd etilgan. Sud tizimida qo‘llaniladigan SI tizimlari ko‘pincha sezgir va maxfiy ma‘lumotlarga tayanganligi sababli bu qonun alohida ahamiyatga ega. Shu sababli, SIning ishlash mexanizmi, uni boshqaruvchi subyektlar, axborotni kodlash va anonimlashtirish bo‘yicha qonunchilikda konkret normalar ishlab chiqilishi zarur.
Yana bir muhim hujjat — “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq, sudlar mustaqildir va faqat qonunga bo‘ysunadi. SI vositalarining sud mustaqilligiga ta’siri aniqlanmagan, ammo SI orqali chiqarilgan qarorlarning huquqiy kuchi va ularning ustidan shikoyat qilish tartibi mavjud emas. Bu esa yurisdiksiya chegaralarining belgilanishi va mas’uliyat institutining aniqlashtirilishini taqozo etadi.
Suniy intellektdan foydalanishda javobgarlik masalasi.
Agar SI noto‘g‘ri qaror chiqarib, fuqaroning huquqlari buzilsa, kim javobgar bo‘ladi? Bu savol sivil-huquqiy javobgarlik masalasini keltirib chiqaradi. Hozirgi qonunchilik SI qarorlaridan kelib chiqadigan zarar uchun sudya, dastur tuzuvchi yoki davlat organining javobgarligini aniq belgilamaydi.
Yechim: Maxsus qonunchilik orqali SI vositalaridan foydalanish tartibi va ular uchun javobgarlik mezonlari ishlab chiqilishi zarur.
Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining sud tizimiga integratsiyasi zamonaviy huquqiy davlat qurilishi yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Raqamli transformatsiya sharoitida adolatli, shaffof va tezkor sud yurituvini ta’minlash zamon talabi bo‘lib bormoqda. Bu borada SI texnologiyalari yordamida sud ishlari bo‘yicha tahliliy bashoratlar qilish, ma’muriy jarayonlarni avtomatlashtirish, sud hujjatlarini tuzishda ko‘maklashish, fuqarolar murojaatlarini elektron shaklda qabul qilish hamda ish yuritishdagi ortiqcha byurokratik bosqichlarni kamaytirish mumkin. Bunday yondashuv “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonun va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan davlat xizmatlarini raqamlashtirish va samaradorlikni oshirish tamoyillariga mos keladi.
Shuningdek, SI texnologiyalarining joriy etilishi O‘zbekiston sud tizimidagi ochiqlik va ishonchlilikni oshirish, korrupsiyaviy holatlarni kamaytirish, inson omiliga bog‘liq subyektivlikni cheklash hamda masalalarni tezroq hal qilish imkonini beradi. Masalan, Xitoy, Estoniya, AQSh va Niderlandiyada SI asosida ishlovchi sud tizimlarining joriy qilinishi jarayonida yutuqli natijalar kuzatilgan.
JINOYAT ISHLARI BO‘YICHA SHIRIN SHAHAR SUDINING RAISI
ALISHER ERGASHEV
