Shirin energetika texnikumida “Al Jabr” loyihasi bo‘yicha tahsil olgan 46 nafar o‘quvchiga bitiruv sertifikatlari topshirildi
2025-12-09 17:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kasbiy ta’lim departamenti boshlig‘i Sharofaddinov Shihnazar, O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi Kadrlar salohiyatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Fayziyev Ziyodullo, shuningdek xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari — ACWA POWER kompaniyasi Markaziy Osiyo bo‘yicha operatsiyalar boshlig‘i o‘rinbosari Ahmad Fahad, EWA (Saudiya Arabistoni Suv energetika akademiyasi) raisi Thamer Saud AlSharhan, DataVolt kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Anjit Kumar, ACWA POWER kompaniyasi loyihalar koordinatori Giyos Qurbonov, DataVolt kompaniyasi rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Bahodir Husanov ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Shirin shahar hokimligi, Sirdaryo IES filiali, Farhod GES UK, “ACWA POWER Sirdaryo” MChJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo filiali, Shirin shahar elektr ta’minoti, Shirin shahar “Gaz ta’minoti” bo‘limi, “Enersok” MChJ, “Wangda Rolling Steel” MChJ kabi ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari ham qatnashdi.
Bitiruvchilar tadbirning amaliy qismida elektr montaji, quyosh panellarini o‘rnatish va xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etib, o‘z kasbiy tayyorgarliklarini namoyish etdilar. Ish beruvchilar tomonidan ularning amaliy ishlari yuqori baholandi.
Tadbirning ikkinchi qismida bitiruvchilar EWA – Saudiya Arabistoni Suv energetika akademiyasi tomonidan taqdim etilgan xalqaro bitiruv sertifikatlarini qabul qildilar. Mehmonlar bitiruvchilarni tabriklab, ularga esdalik sovg‘alarini ham topshirdilar.
Tadbir jo‘shqin, ilhomlantiruvchi va bayramona ruhda o‘tdi. Ushbu tadbir nafaqat bitiruvchilar, balki ustozlar hamda “Al Jabr” loyihasi jamoasi uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonning yashil energetika sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi navbatdagi yirik qadam sifatida baholandi.









