Qonunchilikda yangilik rukni ostida Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining raisi J.Ochilovning vebsaytga chop etish uchun bergan maqolasi matni
2025-06-26 13:10:00 / Yangiliklar

Qonunchilikda yangilik rukni ostida Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining raisi J.Ochilovning vebsaytga chop etish uchun bergan maqolasi matni
Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari – mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, xususiy korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, ishlab chiqarish va savdo firmalari, oilaviy korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘ladimi, xullas barchaning faoliyat yuritishi va foyda olishi uchun keng qonuniy imkoniyatlar yaratildi. Buning natijasida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida biznesni rivojlantirish orqali aholini foydali mehnatga jalb qilish imkoniyatlari yanada kengaydi.
Tadbirkorlik subyektlari soni va turi ko‘paygan sari ular orasidagi iqtisodiy munosabatlar ham jadallashib bormoqda. Bu holat bir tomondan iqtisodiyotning rivojlanishiga va jamiyat a’zolarining faol qatlamini turmush farovonligini oshishiga olib kelayotganligi quvonarli.
Biroq, ikkinchi tomondan tadbirkorlar va yuridik shaxslar o‘rtasida vujudga kelayotgan iqtisodiy nizolar soni ham yildan yilga ko‘payib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga ko‘ra har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Shu bilan birga mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga, sud ishlari yuritilishini takomillashtirishga, shuningdek fuqarolarning va tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga hamda uning vakolatlariga taalluqli yangi normalar belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyatini yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda edi.
Shuning uchun 2025-yil 9-iyunda O‘RQ-1067-sonli O‘zbekiston Respublikasining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun bilan «Sudlar to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilmoqda.
Ushbu Qonun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga hamda davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi O‘RQ-427-sonli Qonuniga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra Qonunning 5-moddasining ikkinchi — beshinchi qismlari yangi tahrirda bayon etildi.
Yangi tartibga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylanishi va ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Kengash raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonun sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga, sud ishlari yuritilishini takomillashtirishga, shuningdek fuqarolarning va tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga katta hissa qo‘shadi.
Termiz tumanlararo iqtisodiy
sudining raisi
J.Ochilov
20.06.2025 y.
