“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘z
2025-06-25 11:15:00 / Yangiliklar

Shu bilan birga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga hamda uning vakolatlariga taalluqli yangi normalar belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyatini yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etdi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, 09.06.2025-yilda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1067-son Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi, hech kim o‘ziga hamda yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, shuningdek shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, “Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Shuningdek qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”.
Ta’kidlash lozimki, Qonun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga hamda davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi shak-shubhasiz.
Termiz tumanlararo
iqtisodiy sudining sudyasi Botirjon Abdullayev
