18-OKTABR — SHAHRISABZ SHAHRI KUNI
2026-10-18 13:00:00 / Yangiliklar
Shahrisabzda tarix va bugun uyg‘unlashgan ulug‘ bayram: “Amir Temur” ordeni topshirilganiga 30 yil to‘ldi
Bugun Shahrisabz shahriga “Amir Temur” ordeni topshirilganiga 30 yil to‘ldi. Ushbu qutlug‘ sana shahrimizning boy tarixi, bebaho madaniy merosi va ajdodlarimizga bo‘lgan yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.

18-oktabr — Shahrisabz shahri kuni
Shahrisabzda tarix va bugun uyg‘unlashgan ulug‘ bayram: “Amir Temur” ordeni topshirilganiga 30 yil to‘ldi
Bugun Shahrisabz shahriga “Amir Temur” ordeni topshirilganiga 30 yil to‘ldi. Ushbu qutlug‘ sana shahrimizning boy tarixi, bebaho madaniy merosi va ajdodlarimizga bo‘lgan yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
Bayram tadbirlari erta tongda ziyorat bilan boshlandi. Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev, shahar mas’ullari hamda nuroniylar Ko‘kgumbaz obidasi hududida joylashgan Sohibqiron Amir Temurning ustozi Shayx Shamsiddin Kulol va sayyidlar maqbaralarini ziyorat qildilar. Qur’on tilovat qilinib, o‘tgan ajdodlarimiz ruhiga bag‘ishlab duolar o‘qildi. Yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi so‘rab duo qilindi.
Shundan so‘ng Amir Temur maydonida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev so‘zga chiqib, barcha shahrisabzliklar va shahrimiz mehmonlarini Shahrisabz shahri kuni hamda shaharga “Amir Temur” ordeni topshirilganining 30 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, mehnat faxriysi Elmurod Boymurodov ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni qutlug‘ sana bilan muborakbod etdi. U Shahrisabzning boy tarixi, madaniy merosi va bugungi taraqqiyoti haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Tadbirda yurtdoshlarimizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka va farovonlik tilandi.
Tadbir doirasida shahar hokimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar, mahalla yettiligi a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yib, buyuk ajdodimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Shahar madaniyat bo‘limi xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayram tadbiriga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.









