Shahrixon tumanida Oila va xotin-qizlar maskani ish boshladi
2026-10-06 19:05:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova, tuman hokimi Hikmatullo Dadaxonov, mahallalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari, nuroniylar, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida maskan ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda xotin-qizlar, xususan, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, qo‘llab-quvvatlash, turmush farovonligini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Andijon viloyatiga avvalgi yildagi tashrifi chog‘ida viloyatning tuman, shaharlarida «Oila va xotin-qizlar maskan»larini barpo etish, faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriq ijrosi doirasida Shahrixon tumanida tashkil etilgan yangi maskanda xotin-qizlarga turli yo‘nalishlarda amaliy ko‘mak ko‘rsatish, ularning muammolarini o‘rganish va yechim topish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi. Shuningdek, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash va o‘zini o‘zi daromad bilan ta’minlashi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Yangi ish boshlagan Oila va xotin-qizlar maskanida xotin-qizlar uchun kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari, huquqiy, psixologik maslahat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu maskan tumanda oila va xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri



