Ilg‘or tajriba – hosildorlik garovi: Sayxunobodlik fermerlar Boyovut tajribasini o‘rganmoqda
2025-07-14 10:25:00 / Yangiliklar

Agrar sohani rivojlantirishda tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajanov boshchiligida tumanning bir guruh ilg‘or fermerlari Boyovut tumanida faoliyat olib borayotgan “Boyovutlik Humoyun” fermer xo‘jaligiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida mehmonlar fermer xo‘jaligidagi zamonaviy yondashuvlar, innovatsion texnologiyalar asosida olib borilayotgan dehqonchilik ishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Xususan, xo‘jalik tomonidan Xitoy texnologiyasi asosida 58 gektar yer maydonida yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan “XinLuZao-78” xorijiy navli paxta ekilib, doimiy agrotexnik parvarish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, g‘alladan bo‘shagan 16 gektar maydonga yana shu navli paxta qo‘shqator usulda ekilgan. Bu uslub o‘zining unumdorligi bilan ajralib turadi — yer maydonidan samarali foydalanishga, o‘simliklar orasidagi shamollanishni yaxshilashga hamda me'yoriy o‘sishga sharoit yaratadi.
Innovatsion yondashuvlar bu bilan cheklanmaydi. Fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alladan bo‘shagan yana 8 gektar yer maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sholi ekilgan. Tomchilatib sug‘orish — bugungi kunda eng zamonaviy va tejamkor suv ta’minot usullaridan biri bo‘lib, suv resurslaridan oqilona foydalanish, o‘simliklarni bevosita ildiz qismlaridan sug‘orish orqali optimal o‘sish muhitini yaratadi.
Xo‘jalik faqat dehqonchilik bilan cheklanmay, dala madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, dalalarning chet qismlariga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, bu yerga o‘zgacha chiroy, madaniy muhit bag‘ishlamoqda.
Sayxunobodlik fermerlar bu tashrifdan chuqur taassurotlar bilan qaytishdi. “Boyovutlik Humoyun” fermer xo‘jaligida ko‘rilgan ilg‘or tajribalar, zamonaviy texnologiyalar, samarali parvarish uslublari ular uchun qimmatli tajriba maktabi bo‘ldi. Fermerlar bu yondashuvlarni o‘z yer maydonlarida ham qo‘llashni rejalashtirganliklarini bildirdilar.









