Sayxunobod tumanida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari holati tanqidiy ko‘rib chiqildi
2025-06-20 10:05:00 / Yangiliklar

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining bugun Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida viloyatda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi.
Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan Guliston shahri, Sirdaryo, Sayxunobod, Mirzaobod va Xovos tumanlaridagi sog‘liqni saqlash, bandlik, bank, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr-qurilish sohalarida 50 dan ortiq obyekt hamda mahallalarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish ishlar yetarli darajada yo’lga qo’yilmagani aniqlandi.
Masalan, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari faoliyatida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni yashirish, tanish-bilishchilik holatlari hamon uchrab turibdi. Noqonuniy qurilishlarni aniqlash, ularni bartaraf etish borasidagi ishlar ham sust ekanligining guvohi bo‘ldik. Banklar tomonidan kredit va tavsiyanoma berish tartiblarini aniq huquqiy asoslarga bog‘lash, monitoringni raqamlashtirish, jamoatchilik va ichki nazoratni kuchaytirish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda,
— dedi A.Burxanov.
O‘rganishlar davomida viloyatning 7 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik subyektlarida taʼsischilik yoki rahbarlik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlanib, ularga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi va tegishli sudga yuborildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarning shaxsiy javobgarligini oshirish va tegishli rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritildi.
Qayd etilgan masalalar yuzasidan sohalarga masʼul bo‘lgan rahbarlarning axboroti eshitildi.
Majlis yakunida Sayxunobod tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
———
Korrupsiyaga duch kelsangiz Agentlikning “Call-markazi” – 1253 orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.









