Guliston mahallasida ommaviy sayyor qabul bo'lib o'tdi.
2025-05-21 11:00:00 / Yangiliklar

Bugun Sayxunobod tumanining Guliston mahallasida muhim tadbir – 9 ta mahalla fuqarolari uchun tashkil etilgan ommaviy sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Ushbu ommaviy sayyor qabulda Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajanov hamda Respublika ishchi guruhi vakillari faol ishtirok etdi.
Sayyor qabulning asosiy maqsadi – aholining kundalik hayotidagi muammo va takliflarini bevosita eshitish, mavjud muammolarni joyida aniqlab, imkon qadar tezkor hal etishdan iborat. Aholi bilan ochiq va samimiy muloqotda bo‘lish, ularning dardu tashvishlariga quloq tutish bugungi tadbirning bosh mezoniga aylandi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan yo‘l, ichimlik suvi, elektr ta'minoti, ijtimoiy yordam, ish bilan ta'minlash va boshqa turli yo‘nalishlarda muhim murojaatlar bildirildi. Quvonarlisi, aksariyat muammolar ayni qabul jarayonida tegishli mas'ullar ishtirokida hal etildi yoki tez orada ijobiy yechim topish uchun chora-tadbirlar belgilandi.
“Bugun har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning orzusi, yashash sharoiti turibdi. Biz bu ishonchga munosib javob berishga harakat qilamiz. Muammolarni joyida eshitib, shu yerning o‘zida hal qilish orqali xalq ishonchini mustahkamlashni maqsad qilganmiz”, deydi - tumani hokimi Komiljon Mullajanov.
Shuningdek, Respublika ishchi guruhi vakillari tomonidan ayrim muammoli masalalar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilib, ularning tizimli hal etilishi uchun tegishli tavsiyalar berildi.
Ushbu sayyor qabul fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalarga befarq bo‘lmaslik, rahbariyatining “xalq bilan muloqot – inson qadri uchun” tamoyiliga sodiq qolayotganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Aholi vakillari o‘z navbatida bunday tashabbuslardan mamnun ekanliklarini bildirar ekan, bu kabi uchrashuvlarning muntazam o‘tkazilib turishini istayotganliklarini ta'kidladilar.









