SAYXUNOBOD — XALQARO INVESTITSIYALAR UCHRASHUV NUQTASIGA AYLANMOQDA
2026-05-20 17:00:00 / Yangiliklar

Bugun Sayxunobod tumani yana bir muhim uchrashuv bo'lib o'tdi. Yaponiyaning nufuzli kompaniyalari rahbarlari — Mr. FUJITA TAISEI hamda Mr. SAKANE TATSUYA (“AOMORI NOUSAN CO., LTD”), shuningdek Mr. ISHIHARA TARO (“ISHIHARA TOKYO CO., LTD”) Sayxunobod tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar tuman hokimi Komiljon Mullajanov hamrohligida hududning investitsiyaviy salohiyati, iqtisodiy imkoniyatlari hamda istiqbolli loyihalari bilan yaqindan tanishdilar.
Xorijlik investorlar, eng avvalo, Sayxunobod tumanida sarimsoq piyoz yetishtirishni kengaytirish, mahsulotni zamonaviy qayta ishlash hamda uni Yaponiya va Yevropa davlatlariga eksport qilish bo‘yicha istiqbolli muzokaralar olib borildi. Xorijlik investorlar hududning tuproq-iqlim sharoiti, qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari va eksport salohiyatiga yuqori baho berib, ushbu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdilar.
Shu bilan birga, tumanda yangi korxonalar tashkil etish maqsadida sanoat zonasida yaratilgan sharoitlar, infratuzilma va qulay investitsion muhit ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayniqsa, Sayxunobodning tabiiy salohiyati va turizm yo‘nalishidagi istiqbollari mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Tashrif davomida investorlar Sirdaryo daryosi bo‘yida barpo etilayotgan zamonaviy turizm maskani bilan yaqindan tanishib, hududning kelajakdagi turistik imkoniyatlarini yuqori baholadilar.
Mazkur tashrif Sayxunobod tumanining xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganidan, hudud xorijiy investorlar uchun ishonchli va istiqbolli manzilga aylanayotganidan dalolat beradi.
Bugungi ochiq muloqot va amaliy uchrashuvlar kelgusida yangi investitsion loyihalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.









