Payshanba — yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot kuni
2026-06-11 10:35:00 / Yangiliklar

Sayxunobod tumanida yoshlarning intellektual salohiyati, innovatsion g‘oyalari va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida an’anaviy “Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Ittifoq mahallasida joylashgan 11-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan uchrashuvda tuman hokimi Komiljon Mullajanov, tuman prokurori Bekmurod Kurbanov, tuman IIB boshlig‘i Rustam Ummatqulov hamda tuman soliq inspeksiyasi rahbari Abduhakim Mavlonov ishtirok etdi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqot davomida yoshlar tomonidan ilgari surilgan istiqbolli startap loyihalar, innovatsion g‘oyalar, biznes tashabbuslari hamda ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar, taklif va tashabbuslarini bevosita rahbarlarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv davomida har bir murojaat va taklif mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqilib, ularning yechimi yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kasb-hunar egallashi hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-son qarori ijrosi doirasida Ittifoq mahallasida o‘tkazilayotgan “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” tadbirlari muhokama qilinib, mahallada sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.









