Sayxunobodda aholi farovonligini oshirish masalalari muhokama qilindi
2026-05-26 11:00:00 / Matbuot anjumanlari

Sayxunobod tumani Adliya bo‘limi tomonidan “Ish o‘rinlari va daromad: aholi farovonligi uchun nimalar qilindi?” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tuman mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilalar daromadini oshirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, tumanda yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish hamda o‘zini o‘zi band qilish tizimini rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarga huquqiy ko‘mak berish, imtiyoz va subsidiyalar bo‘yicha tushuntirishlar o‘tkazish hamda kredit olish jarayonlarida amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Anjuman davomida jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda aholining turmush darajasini yaxshilash, barqaror daromad manbalarini yaratish va huquqiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar ham ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida fuqarolar farovonligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish va bu boradagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.



