Sayxunobod tumani hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘ining murojaati
2026-05-18 14:30:00 / Yangiliklar

Hurmatli tumanimiz aholisi, tadbirkorlik subyektlari vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda soha mas’ullari!
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan bo‘lib, barcha davlat organlari va tashkilotlari oldiga tizimda ochiqlik, shaffoflik hamda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yilgan.
Korrupsiya — jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, iqtisodiy taraqqiyotni sekinlashtiruvchi, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazuvchi salbiy illatdir. Ayniqsa, investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdo sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan, barcha rahbar va mas’ul xodimlarni xizmat vazifalarini bajarishda halollik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilishga chaqiraman. Har bir davlat xizmatchisi o‘z faoliyatida qonuniylikni ustuvor bilishi, fuqarolar murojaatlariga adolatli yondashishi hamda xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Sayxunobod tumanida investitsiya muhiti jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, sanoat va savdo sohalarida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, barcha murojaatlarni qonuniy tartibda ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilik nazorati muhim o‘rin tutadi. Shu bois, fuqarolarimizni korrupsion holatlarga nisbatan befarq bo‘lmaslikka, noqonuniy xatti-harakatlar haqida tegishli tashkilotlarga murojaat qilishga chaqiraman. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir.
Biz barcha sohalarda adolat, halollik va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali yurtimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan sog‘lom boshqaruv tizimini shakllantirishimiz lozim.
Keling, birgalikda korrupsiyadan xoli, halol va taraqqiy etgan jamiyat barpo etaylik!
Hurmat bilan,
Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari, investitsiyalar, sanoat va savdo sho‘basi boshlig‘i - Dilshod Nazarbekov
