Tug‘ruq muassasalarida “suyunchi puli”ga chek qo‘yish — korrupsiyaga qarshi muhim qadam
2026-04-29 14:05:00 / Yangiliklar

Men, tuman xalq deputatlari Kengashi deputati Sh. Shamatova, sog‘liqni saqlash tizimida fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘taman. Shu munosabat bilan, ayrim tug‘ruq muassasalarida uchrab turgan noqonuniy “suyunchi puli” talab qilish holatlari yuzasidan o‘z munosabatimni bildiraman.
Tug‘ruq jarayoni — har bir oila hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli bosqichlardan biridir. Ana shunday nozik va mas’uliyatli paytda fuqarolardan noqonuniy tarzda pul yoki boshqa moddiy manfaat talab qilinishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir. Bu, bir tomondan, amaldagi qonunchilik talablariga zid bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tibbiyot xodimlarining kasbiy sha’ni va obro‘siga putur yetkazadi.
Davlatimiz tomonidan tug‘ruq bilan bog‘liq tibbiy xizmatlar bepul asosda ko‘rsatilishi kafolatlangan. Shu bois, ushbu xizmatlar uchun har qanday noqonuniy to‘lov talab qilish korrupsiyaning ko‘rinishi sifatida baholanadi va unga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishi lozim. Tibbiyot muassasalari rahbarlari va xodimlari o‘z faoliyatida halollik, ochiqlik va insonparvarlik tamoyillariga qat’iy amal qilishi zarur.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — bu barchamizning umumiy vazifamizdir. Fuqarolarimizdan o‘z huquqlarini yaxshi bilish, noqonuniy talablar yuzaga kelganda tegishli tashkilotlarga murojaat qilish hamda bunday holatlarga nisbatan befarq bo‘lmasliklarini so‘rab qolaman. Har bir murojaat albatta o‘rganiladi va qonuniy chora ko‘riladi.
Shu bilan birga, mas’ul tashkilotlar tomonidan tug‘ruq muassasalarida nazorat tizimini kuchaytirish, xodimlar faoliyatini doimiy monitoring qilish hamda korrupsion xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarur, deb hisoblayman.
Xulosa qilib aytganda, tug‘ruq muassasalarida “suyunchi puli” amaliyotiga chek qo‘yish orqali biz nafaqat sog‘liqni saqlash tizimida tartib o‘rnatamiz, balki jamiyatda adolat, halollik va inson qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga erishamiz.
Sh. Shamatova
Tuman xalq deputatlari Kengashi deputati
