“2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonning asosiy mazmuni va undagi muhim yo‘nalishlar:
2025-12-26 15:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Qabul qilingan qarorga muvofiq, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi hamda uni 2026–2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Hujjatda O‘zbekistonning Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyans a’zoligi hamda Bogota harakatlar chaqiruviga qo‘shilgani qayd etilgan. Strategiya bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishni maqsad qiladi.
Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari
1. Strategiya va ijro chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi:
- 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya hujjati va 2026–2027 yillar uchun chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.
2. Professional tutingan oila (foster care) xizmatlarini joriy etish:
- 2026-yil 1-fevraldan boshlab, zo‘ravonlik sabab oilasidan ajratilgan, zo‘ravonlik xavfi ostidagi yoki ijtimoiy xavfli holatdagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
- Nomzodlar ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari asosida tayyorlanadi.
3. Huquqiy kafolatlar va tizimni takomillashtirish:
- 2026-yil sentabrdan boshlab zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan yoki guvoh bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan bepul huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
- Tergov va sud jarayonlarida mas’ul organlar ishtiroki, shuningdek, bolalar guvohligi videoga yozib olinishi joriy etiladi.
4. Ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish:
- 2026-yil sentabrdan boshlab ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat tashkilotlari xodimlari bolalarga qarshi zo‘ravonlik holatlarini vaqtida xabar qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
5. Tizimli islohotlar va qo‘shimcha mexanizmlar:
Bolalarni jamiyatga qayta moslashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi ijtimoiy integratsiya markazlari tashkil etish.
Elektron tizimlar va idoralararo hamkorlikni mustahkamlash orqali zo‘ravonlik hollari monitoringini takomillashtirish.
2026 yil 1 fevraldan boshlab zo‘ravonlikka uchragan yoki ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bunday oilalar maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi, bolalar esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali shartnoma asosida joylashtiriladi. Tutingan oilalarga har bir bola uchun oylik to‘lov va bolaning yashash xarajatlari davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, keyinchalik boshqa hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati tashkil etiladi. Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar alohida reabilitatsiya markazlariga joylashtirilishi mumkin.
2026 yil 1 sentabrdan esa zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bunday ishlar bo‘yicha sudga qadar va sud jarayonlarida vasiylik va homiylik organlari ishtirok etishi majburiy bo‘ladi. Shu bilan birga, bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari videoyozuv orqali qayd etiladi, zo‘ravonlik faktlari haqida xabar bermagan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya xodimlari uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Qarorda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar va ularning oilalari uchun “mehrli oila” xizmati, oilaviy terapiya, ta’lim muassasalariga qo‘shimcha kvotalar ajratish kabi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Shuningdek, bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha yagona elektron platforma yaratiladi. Bu tizim davlat idoralari o‘rtasida ma’lumot almashish, yagona statistik hisob yuritish va har bir holatni bosqichma-bosqich nazorat qilish imkonini beradi.
Mazkur qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar belgilanib, bolalar bilan ishlovchi tergovchi, prokuror, sudya va ijtimoiy soha xodimlarining maxsus tayyorgarligi va malakasini oshirish ham nazarda tutilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudi sudyasi Sh.Muminov
