Ijtimoiy mas’uliyat muhokamada
2025-12-19 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajanov tomonidan “O‘rikzor” hamda “Turon” mahallalarida aliment to‘lovchi fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvlar davomida aliment majburiyatlarini bajarish har bir fuqaroning nafaqat huquqiy, balki muhim ijtimoiy mas’uliyati ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqot jarayonida aliment to‘lovchi fuqarolarning bugungi mehnat faoliyati, bandlik holati, hamda doimiy daromad manbalarining mavjudligi atroflicha o‘rganildi. Ishsiz bo‘lgan aliment to‘lovchilarni mas’ul idoralarga aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish uchun fuqarolarni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, uchrashuvlarda aliment bilan bog‘liq muammolar tinglanib, har bir holat yuzasidan manzilli yondashuv asosida yechim topish choralari belgilandi
Xususan, “O‘rikzor” mahallasida o‘tkazilgan uchrashuv natijasida 2 nafar ishsiz aliment to‘lovchi fuqaro doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilib, ularning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 4 nafar aliment to‘lovchi fuqaroning mavjud qarzdorligi shu joyning o‘zida bartaraf etildi.
“Turon” mahallasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa 6 nafar ishsiz aliment to‘lovchi fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, 8 nafar aliment to‘lovchi fuqaroning mavjud qarzdorligi shu joyning o‘zida bartaraf etildi.






