Sayxunobod tumanida qurilish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi
2025-11-25 09:30:00 / Matbuot anjumanlari

Sayxunobod tumanida qurilish sohasida 2024–2025 yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va kelgusi istiqboldagi rejalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir tuman hokimining o‘rinbosari Jo‘ramurod Tavbayev boshchiligida o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida soha mutaxassislari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi. Unda tumanda olib borilayotgan qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yangi ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda
Tadbir davomida ta’kidlanganidek, joriy yilda tumanda yangi ijtimoiy obyektlar bunyod etildi. Xususan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, oilaviy shifokor punktlari hamda jamoat joylarini obodonlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Infratuzilma tizimlari bosqichma-bosqich yangilanmoqda
Aholi farovonligini oshirish maqsadida ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, elektr va tabiiy gaz ta’minoti barqarorligini kuchaytirishga qaratilgan loyihalar izchil davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar natijasida tuman markazi va qator mahallalarda qulay yashash muhiti shakllantirilmoqda.
Kelgusi rejalarda — zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari
Jo‘ramurod Tavbayev o‘z chiqishida tuman markazining bosh rejasi asosida mo‘ljallangan yirik loyihalar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, yangi xizmat ko‘rsatish maskanlari, zamonaviy yo‘l infratuzilmasi va kommunikatsiya tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha rejalar belgilangan.
Matbuot anjumani yakunida OAV vakillarining savollariga javob berildi. Mutasaddilar qurilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, aholi murojaatlari asosida amaliy ishlarni kuchaytirish borasida izchil choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.


