Xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashi kotibyati mudirining tuman aholisi hamda tuman tashkilot va korxona rahbarlariga murojaatnomasi
2025-10-27 16:05:00 / Yangiliklar

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi!
Sayxunobod tumani aholisiga murojaat
Hurmatli sayxunobodliklar!
Bugungi kunda dunyo miqyosida barcha mamlakatlar taraqqiyoti, xalq farovonligi va iqtisodiy barqarorlikning eng muhim omillaridan biri — korrupsiyasiz, halol va shaffof boshqaruv tizimini yaratish hisoblanadi.
Korrupsiya nafaqat qonunbuzarlik, balki jamiyat taraqqiyotini sekinlashtiruvchi, xalq ishonchini yo‘qqa chiqaruvchi eng xavfli illatdir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, korrupsiya – bu xalqimizning tinch hayoti, kelajagi va adolatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi eng katta to‘siqdir. Har qanday pora yoki manfaatparastlik nafaqat qonunni, balki insoniylikni ham tahqirlaydi.
Korrupsiyaning eng zararli oqibati shundaki, u jamiyatda ishonchsizlikni, adolatsizlikni va norozilikni kuchaytiradi. Tadbirkorlar, sarmoyadorlar va xorijiy hamkorlar ishonchini yo‘qotadi, investitsiya muhitini izdan chiqaradi. Bu esa iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi.
Shu bois, bizning burchimiz – investitsiyalar va tashqi savdo sohasida halollik, ochiqlik va mas’uliyatni har bir qaror va har bir amaliy ishda ta’minlashdir.
Biz hech qachon pora yoki noqonuniy manfaat evaziga qaror qabul qilmasligimiz, har qanday korrupsion xatti-harakatga qat’iy chora ko‘rishimiz zarur.
Hurmatli fuqarolar!
Sizlarni ham har qanday korrupsion holatga nisbatan befarq bo‘lmaslikka, bu borada faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga chaqiraman. Har bir insonning halol mehnati qadrlanadigan, har bir tadbirkorning huquqi himoyalanadigan muhitni birgalikda yarataylik.
Keling, birgalikda “Halollik – eng oliy qadriyat, korrupsiyasiz muhit – taraqqiyot kafolati” tamoyilini amaliy hayotga tatbiq etaylik.
Sayxunobod tumanining har bir xodimi, tadbirkori va fuqarosi bu yo‘lda o‘z hissasini qo‘shsa, biz tumanimizni iqtisodiy barqaror, investitsion jozibador va adolatli hududga aylantira olamiz.
Unutmang:
Korrupsiyaga qarshi kurash – faqat davlatning emas, balki har bir vijdonli fuqaroning ham burchidir!
Hurmat bilan, Xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashi kotibyati mudiri - Burxonova O‘g‘ilbu Tashkenbayevna
