Sayxunobod tumani hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘ining murojaati
2025-10-22 11:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli tuman aholisi, tadbirkorlar va soha xodimlari!
Bugungi kunda mamlakatimizda investitsiyalarni jalb etish, tashqi savdo faoliyatini kengaytirish hamda biznes muhitini yaxshilash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarning samaradorligi, eng avvalo, tizimda halollik, shaffoflik va mas’uliyat tamoyillarining ustuvor bo‘lishiga bog‘liq.
Afsuski, ba’zida ayrim hollarda korrupsiya, manfaatparastlik yoki xizmat mavqeini suiiste’mol qilish kabi salbiy illatlar mazkur sohada ham uchrab turishi mumkin. Bunday holatlar nafaqat ishonchni yo‘qotadi, balki tumanimizning iqtisodiy rivojlanishiga, xorijiy investorlar ishonchiga ham putur yetkazadi.
Shu boisdan, men barcha soha xodimlari, tadbirkorlar hamda fuqarolarni korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga keskin qarshi turishga, har bir faoliyatda ochiqlik va qonuniylikni ta’minlashga chaqiraman.
Tadbirkorlar, sarmoyadorlar va hamkorlar bilan ishlashda adolat, xolislik va xizmat madaniyatiga qat’iy amal qilish – bu bizning burchimizdir. Har bir murojaat, loyiha va tashabbus faqat qonuniy asosda, shaffof tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.
Hurmatli fuqarolar!
Agar Siz korrupsiyaga oid holatlarga duch kelsangiz yoki bunday xatti-harakatlar haqida xabardor bo‘lsangiz, bu haqda tuman hokimligi, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limiga xabar berishingizni so‘raymiz. Sizning faolligingiz tumanimizni adolatli, halol va taraqqiy etgan hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Keling, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, “Korrupsiyasiz muhit — ishonchli investitsiyalar garovi” tamoyilini hayotga tatbiq etaylik!
Hurmat bilan,
_________________________
Sayxunobod tumani hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari —
Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i — Begaliyev Sanjar
