Sayxunobod tumanida tibbiyot fidoyilari e’zozlandi
2025-11-10 17:05:00 / Yangiliklar

Sayxunobod tumanida “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan “Baxtiyor” tantanalar majmuasida sog‘liqni saqlash sohasida samarali faoliyat yuritib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan tibbiyot sohasining aziz vakillari ehtirom bilan yodga olindi.
Tadbirni tuman hokimining o‘rinbosari Shuxrat Baratov ochib berar ekan, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va mas’uliyatini alohida ta’kidlab, yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi.
Tibbiyot xodimlari – hayotimiz posbonlari. Ularning mehnati, e’tibori va insoniylik fazilatlari tufayli har bir yurtdoshimiz sog‘lom, oilalar esa baxtiyor hayot kechirmoqda. — dedi Shuxrat Baratov
Tadbir davomida sohaga sadoqat bilan xizmat qilayotgan bir guruh tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tuman hokimligi tomonidan tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri kuy-qo‘shiqlar, raqslar va samimiy tabriklar bilan davom etdi. San’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarga quvonch va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.









