31 NAFAR FUQAROGA O‘Z FAOLIYATINI BOSHLASH UCHUN KO‘MAK BERILDI
2026-10-12 15:45:00 / Yangiliklar

Sardoba tumani “Qo‘rg‘ontepa” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan grant loyihasi doirasida amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Sardoba tumani hududiy bo‘linmasi raisi Eshmanova Tojinor Toshonovna tomonidan ishlab chiqilib, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan grant tanlovida g‘olib deb topildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan taklif etilgan yo‘nalish asosida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi — “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” tamoyili asosida fuqarolarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning bandligini ta’minlash hamda barqaror daromad manbaini yaratishga ko‘maklashishdan iborat.
Tadbirda Sirdaryo viloyati “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Barchinoy Usmanova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Shavkat Abdurahmonov, Sardoba tumani hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Botirov hamda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Marvarid Kenjayeva ishtirok etdi.
Loyiha doirasida 31 nafar fuqaroga o‘z faoliyatini boshlashi va rivojlantirishi uchun to‘rt turdagi asbob-uskunalar topshirildi. Ushbu amaliy yordam fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va oilasi uchun barqaror daromad manbaini yaratishiga xizmat qiladi.








