Oliy sud Plenumida yangi qarorlar qabul qilindi
2026-09-15 14:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2026-yil 3-iyulda “Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 18-sonli, “Fuqarolik ishlari bo‘yicha, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi
19-sonli hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi
20-sonli qarorlarini qabul qildi.
Mazkur Plenum qarorlarining qabul qilinish ahamiyati haqida to’xtalib o’tadigan bo’lsak, “Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog'liq ishlarni ko'rib chiqish amaliyoti to'g'risida”gi Qarori bu toifadagi ishlarni ko'rishda sudlar tomonidan qonunchilik hujjatlarini bir xil va to'g'ri qo'llashni ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Konstitutsiyamizda inson huquqlari oliy qadriyat sifatida e'tirof etilgan bo'lib, hech kim insonning huquq va erkinliklarini sud qarorisiz cheklashga yoki ulardan mahrum etishga haqli emasligi, mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar, ayniqsa, ruhiy holati tufayli o'z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan shaxslarning huquqlarini muhofaza qilishda alohida ahamiyatga ega ekanligi, zero, fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish yoki uning muomala layoqatini cheklash insonning eng muhim huquq va erkinliklariga bevosita daxl qiluvchi masalalar hisoblanadi. Shu ma'noda, qabul qilingan Plenum qarori inson huquqlariga bevosita daxl qiluvchi ushbu toifadagi ishlarni ko'rib chiqishda sudlar uchun yagona va aniq huquqiy yondashuvlarni belgilashga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Sud qarori qonuniy va adolatli bo'lishi bilan birga uning ijrosi ta'minlanishi, shuningdek sud hujjati qabul qilinguniga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi xavfini bartaraf etilishi ham odil sudlovga erishishning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
“Fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da'voni ta'minlash (dastlabki himoya) choralarini ko'rishning ayrim masalalari to'g'risida”gi Plenum qarori qabul qilinganligi ushbu maqsadlarga etishishning bir huquqiy asosi bo’lib xizmat qiladi.
Oliy sud Plenumining “O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xo'jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qaroridagi o'zgartirishlar to'rtta yo'nalishni qamrab oladi. Bular: atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, bolalar tarbiyasi bilan bog'liq nizolarni hal qilish, kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta'minlash hamda sudlar tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishlarni ko'rish.
Ushbu Plenum qarori qonunchilikka kiritilgan qo'shimcha va o'zgartishlarni inobatga olgan holda amaldagi Plenum qarorlari tushuntirishlari, qonunlarni to'g'ri va bir xilda qo'llash, yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi. Zeroki, ularning qabul qilinishidan ko’zlangan maqsad ham shu.
Fuqarolik ishlari bo’yicha Oqoltin tumanlararo sudi devonxona mudiri H.Shomirzayev
