Sardoba tumani hokimining "Xalqobod" mahallasida sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi
2026-07-09 18:30:00 / Yangiliklar

Aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida o‘rganish hamda ularning yechimini ta'minlash maqsadida Sardoba tumani hokimi Ziyadulla Karimov tomonidan Xalqobod mahallasida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflarni tingladilar. Qabul davomida fuqarolar tomonidan elektr energiyasi va ichimlik suvi ta'minoti, bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, kadastr, ijtimoiy yordam, uy-joy masalalariga oid murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaat yuzasidan mas'ullar ishtirokida atroflicha muhokama olib borilib, joyida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar esa mas'ul tashkilotlarga biriktirilib, ularning ijrosi yuzasidan aniq muddat va vazifalar belgilandi.









