Sirdaryo viloyati chempionatida U16 yosh toifasida chim ustida xokkey bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi
2026-04-28 16:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 27–28-aprel kunlari Sirdaryo viloyati Sardoba tumani sport maktabida sportning chim ustida xokkey turi bo‘yicha U16 yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli musobaqada viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan 11 ta jamoa, jami qariyb 200 nafar yosh sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Ikki kun davom etgan qizg‘in va murosasiz uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, qizlar o‘rtasida Sayxunobod tumanining 1-jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Sardoba tumani jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Sayxunobod tumanining 2-jamoasi egalladi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarda ham Sayxunobod tumanining 1-jamoasi yetakchilikni qo‘lga olib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Sardoba tumani jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Xovos tumani jamoasi uchinchi o‘rindan joy oldi.
Mazkur musobaqa yosh sportchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish, ularning mahoratini oshirish hamda chim ustida xokkey sport turini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Chempionat yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.









