Sardobada “Prokuror kubogi” yuqori saviyada o‘tkazildi.
2026-04-27 15:30:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yoshlar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha “Prokuror kubogi” musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur sport tadbiri Sardoba tumani prokurori tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda tumandagi iqtidorli va istiqbolli yosh sportchilar faol ishtirok etdi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Sardoba tumani hokimi Ziyadulla Karimov hamda tuman prokurori Ravshanbek Norbayev so‘zga chiqib, bunday sport bellashuvlari yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamolotida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, ular barcha ishtirokchilarga omad tilab, halol va murosasiz kurashlar bo‘lishiga ishonch bildirdilar.
“Sport – sog‘lom hayot garovidir” shiori ostida tashkil etilgan ushbu musobaqada 300 nafardan ortiq yosh polvonlar qatnashib, o‘z vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib bordilar.
Bellashuvlar davomida sportchilar o‘zlarining yuqori darajadagi tayyorgarligi, chaqqonligi, kuch-g‘ayrati va irodasini namoyon etib, tomoshabinlarga haqiqiy sport bayramini tuhfa etdilar.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kurash sportiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani, bunday musobaqalar esa ularning mahoratini oshirishda muhim maydon vazifasini o‘tayotgani alohida e’tiborga loyiq.
Musobaqa jarayonlari keskin va murosasiz bahslarga boy bo‘lib, har bir uchrashuv katta qiziqish bilan kuzatildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan munosib taqdirlandi.
Ushbu musobaqa nafaqat sportchilar uchun tajriba maktabi, balki yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.









