“Manfaatlar to‘qnashuvi” nima?
2026-03-31 16:00:00 / Yangiliklar

“Manfaatlar to‘qnashuvi” murakkab va ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlarda, xorijiy va milliy qonunchilikka asosan davlat boshqaruvi va korporativ faoliyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tufayli uchraydi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning dolzarbligi sababli, 2024-yilning 5-iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi
O‘RQ–931-son Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi.
Mazkur Qonunda, manfaatlar to‘qnashuvining quyidagi yangi tahrirdagi tushunchasi qayd etildi:
“Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat”.
Manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasini anglash uchun uning ko‘rinishlarini tahlil qilish ahamiyat kasb etadi. Manfaatlar to‘qnashuvining asosan urug‘aymoqchilik, mahalliychilik, nepotizm, shafelik, kronizm va favoritizm kabi ko‘rinishlari ajratiladi. Bunda, urug‘-aymoqchilik deganda, tashkilot xodimining avlod-ajdodlari bir bo‘lgan, bir sulolaga mansublik asosida uchinchi shaxslarga nisbatan sub’yektiv, imtiyozli va noxolis munosabat shaklidagi shaxsiy manfaatdorligi tushuniladi.
Mahalliychilik – shaxsni uning nasliy kelib chiqishi (aslzoda yoki mashhur sulola vakili ekanligi va u jamoatchilik tomonidan e’tirof etilganligi) hamda yaqin qarindoshlarining egallab turgan xizmat mavqei sababli, uning lavozimga qo‘yiladigan malaka talablariga mos
kelish-kelmasligini hisobga olmagan holda ishga qabul qilish, rotatsiya qilish va lavozimga tayinlash kabi holatni anglatadi.
Nepotizmga (tanish-bilishchilik) – o‘zining yaqin qarindoshlari yoki do‘stlariga noqonuniy imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) ta’sir o‘tkazish, shuningdek, yaqin qarindoshlari va (yoki) do‘stlariga asossiz mukofotlar xisoblash, tashkilot manfaatlari zarariga, yaqin qarindoshlari va do‘stlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlashlarga aytiladi.
Shafelik– tashkilot xodimining lavozimi yuqoriroq bo‘lgan boshqa xodim tomonidan qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklidagi himoyasi, uni yoqlab yonini olishi tushuniladi.
Kronizm – do‘stlar yoki ishonchli shaxslarga noqonuniy imtiyozlar taqdim etish maqsadida hokimiyat (lavozim mavqesidan) va obro‘sidan foydalanish namoyon bo‘ladi.
Favoritizm – tashkilot xodimi boshqa shaxs va/yoki shaxslar guruhi manfaatlariga qaraganda bitta shaxs yoki shaxslar guruhi manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratishi, tashkilotda kadrlarni tanlash va joylashtirish, lavozimini ko‘tarish, mukofot puli berish va davlat mukofotlariga tavsiya etish, ta’til berish yoki sihatgohlar va xorijiy safarlarga yuborish, murojaatlar, shuningdek ish va navbatchilik jadvallarini ko‘rib chiqishda ketma-ketlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq vaziyatlarda tartiblarga rioya qilmaslik tushuniladi.
Manfaatlar to‘qnashuvining ijtimoiy xavfliligi, uning ayrim ko‘rinishlarining asosida fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lishidadir. Bu o‘z navbatida korrupsiyaga oid jinoyatlar, masalan, hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishi yoki doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, mansab soxtakorligi uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Oqoltin
tumanlararo sudining sudyasi N.A.Xoldarov
