Samarqand shahar prokurori Baxtiyor Normatovning aholiga murojaatnomasi
2026-08-05 22:20:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, aziz shahardoshlar hamda shahrimiz mehmonlari!
Sizlarga yaxshi ma’lumki Muhtaram Prezidentimizning rahbarligida mamalakatimizda barcha sohalarda ulkan isloxotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning tub mohiyati avvalo inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, halqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Islohotlarning natijadorligini odamlarning tinch va osuda hayot kechirishini ta’minlashda huquq tartibot idoralarining zimmasida katta mas’uliyat borligini ham chuqur his qilamiz.
Shunga ko‘ra, Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1, PQ-2-sonli va PQ-111-sonli Qarori ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni oldini olish maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan mazkur murojaatimni yo‘llamoqdaman.
2026 yilda 6 oyida Samarqand shahrida jami jinoyatlar 19,3 foizga yoki 256 taga (1325/1581) oshgan.
Umumiy jinoyatlarning to‘rtdan bir qismini yoki
24 foizini oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil etib, 89 taga (472/383) kamaygan bo‘lsa, - talonchilik 50 foizga yoki 2 taga (4/6); - o‘lim bilan bog‘liq YTH 44,4 foizga yoki 4 taga (9/13); - bezorilik 15,4 foizga yoki 2 taga (13/15); - firibgarlik 2,4 foizga yoki 2 taga (82/84); - jami YTH 1,8 foizga yoki 1 taga (55/56) oshgan.
Shahardagi 197 ta mahallalardan 10 tasi (5%) “qizil”, 74 tasi (38%) “sariq” va 113 tasi (57%) “yashil” toifaga kiritilgan.
Qizil toifadagi mahallalar: “Mingtut”, “Hamid Olimjon”, “Nafosat”, “Ziyolilar”, “Maysazor”, “Mehnat”, “Nurli yo‘l”, “Sayqal”, “Shodiyona”, “Qorasuv”.
Mazkur mahallalarning 106 tasida (53,8%) 200 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilgan.
Eng ko‘p jinoyat “Nurli yo‘l” (9 ta) “Mingtut” (6 ta), “Shodiyona”, “Sayqal” va “Qorasuv” (5 tadan) mahallalarida sodir etilgan.
So‘nggi oylar davomida hududimizda o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payganligi kuzatilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday jinoyatlarning aksariyati fuqarolarning o‘z mulkiga nisbatan loqaydligi yoki e’tiborsizligi oqibatida sodir bo‘lmoqda.
Ba’zi fuqarolarimiz uy xayvonlarini dalalardagi ochiq joylarga qarovsiz qoldirib ketganliklari, ba’zilari avtomashina saloniga qimmatbaho buyumlar va pullarni qoldirib ketishi, uy-joy, savdo shaxobchalari hamda omborxonalarda eshik-derazalar mustahkam bo‘lmaganligi, qo‘riqlash pultiga ulanmaganligi natijasida jinoyatchilar uchun qulay sharoit yuzaga keladi.
🧾 Shuni unutmang:
O‘g‘irlik jinoyati — bu oddiy huquqbuzarlik emas, og‘ir toifadagi jinoyat hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
169-moddasiga muvofiq, o‘g‘irlik uchun 3 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Bu jinoyat uchun jazoga tortilgan shaxs nafaqat erkinligidan mahrum bo‘ladi, balki kelajak hayotida, oilasida va mehnat faoliyatida ham jiddiy oqibatlarga duch keladi.
Shu sababli sizlardan quyidagilarga qat’iy amal qilishingizni so‘raymiz:
1. tungi vaqtlarda noma’lum shaxslarni harakatlariga befarq bo‘lmaslik;
2. uy-joy, savdo shaxobchalari hamda omborxonalarda eshik-derazalarning mustahkamligini ta’minlash, uy-joy, do‘kon va boshqa ob’yektlarni qo‘riqlash pultiga ulatish;
3. shubxali shaxslar haqida darhol 102 raqamiga xabar berish;
4. avtomashinalarni qarovsiz qoldirmaslik, salonda qimmatbaho buyumlarni qoldirmaslik;
5. Agar shubhali shaxslar yoki mashina atrofidagi g‘ayritabiiy holatni sezsangiz, darhol 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling yoki eng yaqin profilaktika inspektoriga murojaat qiling.
‼️ Aziz fuqarolar!
Jinoyat sodir bo‘lgach, kech bo‘ladi.
Bugun hushyorlik ko‘rsatsangiz, ertangi kun xavfsiz bo‘ladi.
Zero, qonun ustuvorligi fuqarolar erkinligi kafolatidir!
