Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻining aholiga yo‘llagan murojaatnomasi
2026-07-28 17:10:00 / Yangiliklar

Aziz samarqandliklar!
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash hamda tinchligini ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori asosida shahrimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat yo‘llamoqchiman.
Jumladan, 2026-yilning 6 oyi davomida Samarqand shahrida jami 1 581 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,3 foizga (1325 tadan 1581 taga) ko‘paygan. Shu bilan birga, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar 18,9 foizga (472 tadan 383 taga), ya’ni 89 taga kamaygan.
Shuningdek, aniqlanadigan jinoyatlar soni 108,7 foizga (289 tadan 603 taga), ya’ni 314 taga ko‘paygan bo‘lib, bu boradagi ishlar ham sezilarli darajada yaxshilangan.
Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bugungi kunda texnologiyalarning rivojlanishi hayotimizni qanchalik yengillashtirayotgan bo‘lsa, afsuski, jinoyatchilarning ham yangicha usullarda, ya’ni kompyuter va mobil qurilmalar orqali fuqarolarimizning mulkiga ko‘z olaytirishiga zamin yaratmoqda.
Hozirda axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan kiberjinoyatlar, ayniqsa, plastik kartalardagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari eng dolzarb muammolardan biriga aylandi.
Achinarlisi shundaki, bunday tuzoqlarga ko‘pincha o‘zimizning soddaligimiz va raqamli xavfsizlik qoidalarini yetarli darajada bilmasligimiz sabab bo‘lmoqda. Siz va yaqinlaringiz firibgarlar qurboniga aylanmasligingiz uchun quyidagi hayotiy xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishingizni so‘rayman.
1. SMS-kod — bu sizning hamyoningiz kalitidir!
Bank kartangizga kelgan 5 xonali tasdiqlash kodini, login va parollarni hech kimga aytmang va yubormang. Shuni unutmangki, hech qaysi bank xodimi yoki ichki ishlar organi xodimi sizga qo‘ng‘iroq qilib, karta kodini so‘ramaydi. Agar kimdir o‘zini "bank xavfsizlik xizmati xodimiman, kartangiz bloklandi", deb tanishtirsa, suhbatni zudlik bilan to‘xtating.
2. Soxta havolalar tuzog‘iga tushmang
Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Telegram messenjerida tarqalayotgan "Prezident qarori bilan moddiy yordam berilyapti", "Arzonlashtirilgan yog‘ yoki un", "Pul yutuqli so‘rovnoma" kabi yolg‘on xabarlarga aslo ishonmang.
Bunday soxta havolalarga kirib, bank kartangiz raqami va tasdiqlash kodini kiritdingizmi, kartangizdagi oxirgi tiyingacha bo‘lgan mablag‘ firibgarlar qo‘liga o‘tadi.
3. Onlayn xaridlarda hushyor bo‘ling
OLX, Uzum Avto yoki Telegram kanallari orqali mahsulot sotib olayotganda, tovarni ko‘rmasdan va uning haqiqiyligiga ishonch hosil qilmasdan turib, oldindan (predoplata) pul o‘tkazmang. Firibgarlar arzon narx bilan sizni shoshirib, pulingizni olgach, o‘z profillarini o‘chirib yuborishadi.
4. Ijtimoiy muhandislik va dipfeyk (sun’iy intellekt) xavfi
Agar Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqda yaqin tanishingiz, qarindoshingiz yoki rahbaringiz nomidan "Tez pul zarur bo‘lib qoldi, mana shu kartaga tashlab turing", degan xabar kelsa, hatto uning ovozi yozilgan audioxabar bo‘lsa ham, pul o‘tkazishga shoshilmang.
Hozirgi kunda sun’iy intellekt yordamida ovoz va videolarni soxtalashtirish (dipfeyk) juda osonlashgan. Shuning uchun darhol o‘sha insonning o‘ziga oddiy telefon tarmog‘i orqali qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni aniqlashtiring.
Muhim eslatma!
Sizning virtual dunyodagi xavfsizligingiz, eng avvalo, o‘z hushyorligingizga bog‘liq. Oson daromad va yolg‘on va’dalarga uchmang!
Shuningdek, Telegram messenjeridagi kiberjinoyatlarga qarshi tezkor yordam ko‘rsatuvchi rasmiy "Xavfsiz kibermakon" botini o‘zingizga tegishli Telegram guruhlari va kanallarida ulashishingizni tavsiya qilaman.
Sizning tezkor murojaatingiz jinoyatni issiq izidan fosh etish hamda mablag‘laringizni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Hushyor bo‘ling, o‘z mulkingiz va oilangiz xotirjamligini asrang!
Abdurasul Sulaymonov, Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi.
