Samarqand va Sian o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
2026-07-09 15:15:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati hokimligida Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahri delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari Yunus Bobonazarov ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida Samarqand shahri muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, irrigatsiya va kanalizatsiya tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, quyosh energiyasidan foydalanuvchi zamonaviy, intellektual boshqaruv tizimiga ega ko‘cha yoritish uskunalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar energiya samaradorligi va ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahar rahbari ham Sian shahri rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki shahar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib borgan edi.

