Samarqand shahar hokimi Umarov Fazliddin Karimovichning shahar aholisi, keng jamoatchilik va yoshlarga murojaati
2026-06-19 17:50:00 / Yangiliklar

Aziz hamshaharlar,
qadrli shahrimiz mehmonlari!
Bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri — giyohvandlik va narkotik moddalarning noqonuniy tarqalishi hisoblanadi. Bu illat nafaqat inson salomatligiga, balki oilalar tinchligiga, yoshlar kelajagiga va jamiyat barqarorligiga ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Giyohvandlik insonni jismonan va ma’nan yemirib, uning hayotdan o‘z o‘rnini topishiga to‘sqinlik qiladi. Ayniqsa, yoshlarimiz orasida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish har birimiz uchun muhim vazifadir.
Aziz yurtdoshlar!
Agar siz giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, shubhali holatlar yoki narkotik moddalar tarqatilishi haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni so‘raymiz. Jamoatchilikning faol ishtiroki orqali biz sog‘lom va xavfsiz muhitni ta’minlay olamiz.
Kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimizni turli zararli illatlardan asrash, ular uchun munosib sharoit yaratish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish barchamizning umumiy burchimizdir.
Aziz yoshlar!
Sizlar mamlakatimizning kelajagi, xalqimiz umidi va yurtimizning eng katta boyligisiz.
Vaqtingizni ilm olishga, kasb-hunar egallashga, sport bilan shug‘ullanishga, kitob mutolaasiga va ijodiy faoliyatga bag‘ishlang. Sog‘lom turmush tarzi, yuksak maqsadlar va qat’iy iroda sizlarni har qanday yot g‘oyalar va zararli odatlardan himoya qiladi.
Hurmatli yoshlar!
Biz sizlarning bilimli, sog‘lom, vatanparvar va faol fuqaro bo‘lib voyaga yetishingiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga intilamiz. Sizlardan esa o‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘yishingiz, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishingiz va sog‘lom hayot tarzini tanlashingizni so‘raymiz.
Kelajak — sizlarning qo‘lingizda. Uni to‘g‘ri tanlovlar, ezgu ishlar va yuksak maqsadlar bilan barpo eting.
