Samarqand viloyati hokimi v.b. A.Boboevning O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zi
2025-08-31 22:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Samarqandimizning olijanob insonlari!
Qadrli mehmonlar!
Barchangizni, Sizlar orqali butun viloyatimiz ahlini eng ulug‘, eng aziz bayram – jonajon vatanimizning Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklayman!
Mustaqillik – har bir xalq, har bir davlatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan, erki, huquqlari o‘z qo‘lida ekanligini namoyon etuvchi muqaddas tushunchadir.
Shuning uchun davlat mustaqilligi kuni eng ulug‘ va eng aziz bayram hisoblanadi.
34 yildirki, biz, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi ushbu sanani bir davrada, yelkama-yelka turib, tantanali nishonlab kelyapmiz.
Yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan shu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etamiz.
Taraqqiyotning navbatdagi bosqichida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz iqtisodiyotining rivoji, xalqimiz turmush darajasining oshishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro maydonda, ichki siyosatda erishayotgan natijalarini Samarqand viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Viloyatimizda tegishli dasturlarning samarali amalga oshirilishi tufayli
2025-yilning o‘tgan davrida yalpi hududiy mahsulot qariyib 51,0 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan
7 foizga o‘sdi.
Bunda, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 30 trln. so‘m (7,1 foiz), xizmatlar hajmi 38,5 trln. so‘m (12,4 foiz), qurilish pudrat ishlari 10 trln. so‘m
(14,2 foiz) va qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 21,1 trln. so‘mga
(4,6 foiz) ko‘paydi.
Yil boshidan buyon 340 ta yangi sanoat korxonasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 9156 taga yetdi.
Bu korxonalar tomonidan qariyb 30 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 385 mln dollarlik eksport amalga oshirildi.
Eksport ulishi ham 620 million dollarga yetdi.
Bugungi kunda turizm viloyatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biriga aylandi. 2025-yilning 8 oyida Samarqandga 1,9 mln nafar xorijiy, 3,8 mln nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ko‘p deganidir. Yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 427 mln. dollarni tashkil etib, turistlarning o‘rtacha qolish kuni 3,5 kunga uzaydi.
Yil boshidan buyon viloyatimizda turizmni keng ommalashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro festivallar, madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, “Xalqaro paraplan”, “Xalqaro havo sharlari”, “Samarqand noni - xalq brendi”, “Samarqand oshi” xalqaro festivallari, dron shousi tashkil etildi. Natijada mavsumdan tashqari oylarda ham viloyatimizga 693 ming nafar xorijiy, 1,5 millionga yaqin mahalliy sayyohlar keldi.
Bundan tashqari, Urgutdagi Tersak va Omonqo‘ton, Nuroboddagi Oqsoy mahallalariga “turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Yil yakuniga qadar yana 5 ta mahallaga turizm qishlog‘i maqomi beriladi va viloyatimizdagi turizm qishloqlari soni
14 taga yetadi.
Shu tariqa yil oxirigacha xorijiy sayyohlar sonini 3 mln. nafarga, turizm xizmatlari eksportini 600 mln AQSh dollaridan oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Bugun viloyatimizda qurilish ishlari ham keng ko‘lamda davom etmoqda.
Qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 118,8 foizga oshdi. Bu yil viloyatimizda 123 ta ijtimoiy soha inshootlari va 100 dan ziyod boshqa ob’ektlar qurildi. 1600 kilometrdan ziyod yo‘llar ta’mirlandi.
Xalqimizning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish maqsadida yuqori quvvatdagi shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etilmoqda.
Jumladan, ayni paytda Nurobod tumanida “Acwa Power” kompaniyasi tomonidan
1000 mVtli 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.
2027-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur stansiyalarda yiliga o‘rtacha 2 mlrd kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 360 ming nafar aholining elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Payariq, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida jami quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari qurilmoqda.
Aholining zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini qondirish maqsadida
20 mingdan ortiq oilaga mo‘ljallangan
340 ta turar joy binolari barpo etilmoqda.
Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Renovatsiya dasturi asosida Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududida 3 mingga yaqin eski uy-joylar o‘rnida 100 ming aholi uchun mo‘ljallangan zamonaviy aholi massivi qurilishi boshlab yuborildi.
Bu yerda aqlli texnologiyalar asosida ko‘p qavatli turar-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan infratuzilma yaratilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda aholining “yashil maydon”lar, xiyobonlar va sport maydonchalariga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib bormoqda. Shunga asosan Samarqand shahridagi sobiq harbiy gospitalning
5,4 gektar yer maydonida “Bolalar va yashil jamoat parki”, “Vatanparvar” mahallasida
7 gektar maydonda “Vatanparvar” hamda “Istirohat bog‘”lari, So‘g‘diyona massividagi 3 gektar maydonda esa “Oila bog‘i” tashkil etilmoqda.
“Bolalar va yashil jamoat parki” sentyabr oyida foydalanishga topshiriladi.
Qolgan ob’ektlar ham yaqin vaqtlarda birin-ketin xalqimiz va bolajonlar ixtiyoriga topshiriladi.
Viloyatimizdagi qurilishlar haqida gapirganda hurmatli Prezidentimizning alohida e’tiborlari bilan Samarqand shahri va Urgut tumanini bog‘lovchi 55 kilometr yangi temiryo‘l tarmog‘i, 2 ta vokzal qurilganini alohida ta’kidlashni istardim. Umumiy qiymati 83,7 mln. AQSh dollari bo‘lgan mazkur loyiha juda qisqa fursatda amalga oshirildi.
Bu temiryo‘lning qurilishi Urgut tumani aholisi va tadbirkorlariga juda katta imkoniyat va qulayliklar yaratib, hudud rivojiga xizmat qiladi.
Hurmatli tadbir qatnashchilari!
Kelgusi haftadan yurtimizdagi ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanadi.
Davlatimiz rahbari tomonlaridan yurtimizda ta’lim sifati va moddiy texnika bazasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda viloyatimizda 81 ta maktab,
6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, ikkita oliy ta’lim dargohi, 9 ta sport inshooti qurildi.
Nodavlat maktablar tashkil etishga qaratilgan e’tibor tufayli bu yil yana 5 ta xususiy maktab faoliyat boshlab, ularning umumiy soni 51 taga yetadi.
Bugungi kunda viloyatimizda 3-7 yoshli 392 ming nafardan ortiq bolalarning 287 ming nafari yoki 73 foiz bog‘chalarga qamrab olingan. Yil yakuniga qadar qamrov 75,6 foizga yetkaziladi.
Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi o‘tgan yil 45 foiz bo‘lgani holda bu yil
50 foizdan oshdi.
Natijada bitiruvchilarning oliy ta’limga o‘qishga kirishi bo‘yicha ko‘rsatkichimiz oltinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
Shuningdek, ta’lim sifati bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz esa o‘tgan yilga nisbatan
3 pog‘onaga yuqoriladi.
Aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 3,2 trln. so‘m mablag‘lar ajratildi. Turli sohalarga ixtisoslashgan 25 ta tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi.
Aziz yurtdoshlar!
Kezi kelganda sportchilarimizning xalqaro maydonda erishayotgan muvaffaqiyatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tish joiz deb hisoblayman.
Samarqandlik shijoatli sportchilarimiz yil boshidan buyon Jahon chempionati va kubogi musobaqalarida 8 ta, Osiyo chempionatlarida 61 ta medallarni qo‘lga kiritdi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa va ko‘rik-tanlovlarning Respublika bosqichida vakillarimiz 19 ta oltin, 14 ta kumush, 9 ta bronza medallarni qo‘lga kiritib, o‘tgan yilgiga nisbatan
11 pog‘ona yuqorilab, respublikada 1-o‘rinda ekanligi barchamizga faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Viloyatimizning bosh jamoasi-“Dinamo” futbol klubi ham bu yil oliy ligada muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Shu paytgacha ular 20 ta o‘yin o‘tkazib,
38 ochko bilan 3 o‘rinda bormoqda.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Nufuzli xalqaro tashkilotlarning Samarqandga intilishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi O‘zbekiston davlati salohiyatini ko‘rsatib turibdi.
O‘tgan 7 oy davomida 936,2 mln. dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 40 foizga ko‘paydi.
Hududiy dasturlarimiz doirasida qiymati 199 mln dollarlik 332 ta loyihalar ishga tushirilib, 3 870 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Aziz yurtdoshlar!
Bunday yuksak natijalarga bunyodkor xalqimiz, ya’ni siz azizlarning mashaqqatli va fidokorona xizmatlaringiz, kunni tunga ulab qilayotgan mehnatlaringiz tufayli erishyapmiz.
Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Muhtaram Prezidentimiz Farmonlariga ko‘ra turli sohalarda faol mehnat qilayotgan, o‘zining tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan boshqalarga ibrat namunasi bo‘layotgan 17 nafar Camarqandliklar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Kuni kecha fidoyi yurtdoshlarimizga ushbu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Ayni paytda mukofotlangan insonlar biz, samarqandliklarning faxrimiz bo‘lib ushbu davramizda ham ishtirok etmoqdalar.
Fursatdan foydalanib, viloyat jamoatchiligi nomidan jonajon Vatanimizning ravnaqiga, xalqimizning farovonligiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan barcha Samarqand ahliga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Qadrli yurtdoshlar!
Ushbu shukuhli damlarda barchangizni Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi bilan tabriklab, sizlarga uzoq umr,
sihat-salomatlik, baxt-u saodat, Yangi O‘zbekistonimiz qudratini oshirish yo‘lidagi ezgu ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayram muborak bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
