Rishton – Jahon hunarmandlar shahri!
2025-09-22 15:55:00 / Yangiliklar
Rishton tumanida o‘tayotgan II Xalqaro kulolchilik forumi rishonliklar uchun unutilmas tarixiy voqeaga aylandi. Forum doirasida tumanga yuksak e’tirof – “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi. Bu qaror asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan Rishton kulolchilik maktabining ulkan merosi va jahon miqyosida tutgan o‘rnining yorqin ifodasidir.

Tantanali marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozarov, Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Qadumiy, Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov hamda nufuzli mehmonlar ishtirok etdi. Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqovga maxsus sertifikat topshirildi.
Taniqli kulol ustasi Alisher Nazirov shunday dedi:
— Rishton kulolchiligi qadimiy an’analarga ega. Bu maqom biz ustalar uchun mas’uliyat ham, g‘ururdir.
Nuroniylar jamg‘armasi raisi Tursunxo‘ja Abdurahmonov ta’kidladi:
— Bugun tarixiy kun. Bobolarimizning mehnati va merosi munosib baholandi. Yoshlar bu an’anani kelajak avlodga yetkazishlari lozim.
Jurnalist Hamidjon Burhonov esa:
— Rishtonning Jahon hunarmandlar shahri sifatida tan olinishi – nafaqat tuman, balki butun O‘zbekiston nufuzini yuksaltiradi.





