Rishtonda 28 oila yarashdi — 50 dan ortiq bola ota-ona bag‘riga qaytdi
2025-08-14 15:50:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, farzandlar baxti va tarbiyasi uchun sog‘lom muhit yaratish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada Byuroning Rishton tumani bo‘limi ham ezgu tashabbuslarni amalga oshirib, nafaqat aliment qarzlarini undirish, balki ajrashgan oilalarni yarashtirish va ularni qayta tiklash yo‘nalishida ham samarali faoliyat yuritmoqda.
Bunday xayrli ishlar tufayli ko‘plab bolalar ota-ona bag‘rida shodon yashash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Chunki oiladagi notinchlik va ajrimlar sabab faqat er-xotin emas, balki farzandlar — ertaning kelajagi bo‘lgan yoshlar ham aziyat chekadi.
Avgust oyining dastlabki 14 kunida Rishton tumanida 28 ta oila yarashtirildi. Natijada 50 dan ziyod bola o‘z ota-onasi bag‘riga qaytdi.
Masalan, FIB Rishton tumanlararo sudining 25.10.2013 yildagi qaroriga asosan qarzdor M.E.dan undiruvchi E.M. foydasiga 1 nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan edi. Byuroda o‘tkazilgan suhbatlar natijasida 2025 yil 11 avgust kuni oila yarashib, ikki nafar farzand ota-ona bag‘rida yashaydigan bo‘ldi.
Shuningdek, fuqarolik sudining 31.07.2025 yildagi sud buyrug‘iga asosan Yu.Z. ikki nafar farzandi uchun aliment to‘lashga majbur etilgan edi. Profilaktik tushuntirish ishlari natijasida ushbu oila ham yarashib, ijro hujjati tugallandi.
Byuroning Rishton tumani bo‘limi boshlig‘i J.B. Yuldashev ta’kidlashicha, bunday tadbirlar muntazam davom ettiriladi. Chunki har bir yarashgan oila — bir necha farzandning taqdiri, bir necha bolaning baxti va kelajagi demakdir.
