RISHTONDA YOSHLAR VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALANMOQDA
2026-10-15 13:25:00 / Yangiliklar

Rishton tumanida Yoshlar kuni munosabati bilan yosh avlodni vatanparvarlik, fidoyilik va yuksak mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, 20-sonli umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan “Jasorat” sinfi o‘quvchilarining tantanali va’da berish marosimi hamda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolarining tantanali va’da berish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda tuman hokimi, tuman prokurori, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Mudofaa ishlari bo‘limi rahbari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, o‘quvchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Marosimlar davomida “Jasorat” sinflarining asosiy vazifalari, yoshlarni Vatanga sadoqat, intizom, fidoyilik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Tuman hokimi o‘z nutqida yosh avlodning bilimli, jasur, tashabbuskor va yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan insonlar bo‘lib voyaga yetishi muhimligini qayd etdi.
Tantanali marosimlarning asosiy qismida “Jasorat” sinfi o‘quvchilari hamda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari va’da berdilar. Shuningdek, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolariga ko‘krak nishonlari va guvohnomalar topshirildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarning qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, yurt tinchligi va ravnaqi uchun mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Vatanga sadoqat — yuksak sharaf, uning ravnaqi uchun xizmat qilish esa muqaddas burchdir.








